Oʻzbekistonliklarning Misrga kirishi boʻyicha yangi talablar kechiktirildi
2027 yil martgacha sayyohlar Sharm-al-Shayx va Sinay yarimoroliga viza olmasdan, amaldagi tartibda sayohat qilishda davom eta oladi.

Oʻzbekistonliklar uchun Misrga kirish talablarini qatʼiylashtirish muddati muzokaralar tufayli 2027 yil 1 martgacha kechiktirildi.
Qayd etilishicha, TIV va Oʻzbekistonning Qohiradagi elchixonasi tomonidan Misr tomoni bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar olib borilishi natijasida Oʻzbekiston fuqarolarining ushbu hududga kirish tartibini qatʼiylashtirish boʻyicha avval qabul qilingan qarorni qayta koʻrib chiqish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Bu muddatgacha sayyohlar Sharm-al-Shayx va Sinay yarimoroliga viza olmasdan, amaldagi tartibda sayohat qilishda davom eta oladi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston TIV fuqarolarni xorijda mahalliy qonun va qoidalarga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq 1 noyabrdan Oʻzbekiston fuqarolari Sinay yarimoroli, jumladan, Sharm-al-Shayxga (Misr) oldindan viza olmasdan kira olmasligi xabar qilingandi.





