platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Madaniyat

Kino xizmatlari jamlangan "Oʻzbekfilm kino shaharchasi" tashkil etiladi

Davlatimiz rahbari kinoijodkorlar uchun yana bir tashabbusni maʼlum qildi. Quyi Chirchiq tumanidagi "Koʻhinur" sihatgohi toʻligʻicha ularning ixtiyoriga beriladi. Chilonzor koʻchasining bir qismiga "Oʻzbekfilm" nomini berish taklif qilindi.

Kino xizmatlari jamlangan "Oʻzbekfilm kino shaharchasi" tashkil etiladi

Prezidentimiz kino yaratish uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilishini maʼlum qildi. "Oʻzbekfilm"ning 10 gektarlik hududida kino xizmatlari jamlangan yagona industrial klaster – "Oʻzbekfilm kino shaharchasi" tashkil etiladi.

"Kino shaharchasi"da zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Dublyaj va ovozlashtirish markazi quriladi.

Ikki oyda malakali loyiha tashkilotini jalb qilib, shaharchaning master-rejasi va loyiha-smetasi ishlab chiqiladi. Qurilish ishlari keyingi yilning mart oyidan boshlanadi.

Kino tizimidagi boʻsh turgan davlat aktivlarini ochiq savdoga chiqarish topshirildi.

Davlatimiz rahbari kinoijodkorlar uchun yana bir tashabbusni maʼlum qildi. Quyi Chirchiq tumanidagi "Koʻhinur" sihatgohi toʻligʻicha ularning ixtiyoriga beriladi.

Mazkur sihatgoh yaqinda zamonaviy talablar asosida taʼmirlanib, jihozlangan. Bu yerda kinoijodkorlarning munosib dam olishi uchun sharoit yaratilgan.

Prezidentimiz ushbu maskan kinochilarimiz kuch toʻplab, yangi-yangi gʻoyalar ustida ishlashiga xizmat qiladigan chinakam ijodiy maskanga aylanishini taʼkidladi.

Bundan tashqari, har yili kino sohasida faoliyat yuritadigan kamida 300 nafar fidoyi xodimga respublikadagi sihatgohlarda dam olish va davolanish uchun bepul yoʻllanma beriladi.

Prezidentimiz sohada ilm, tahlil va professional tanqidchilikni rivojlantirish maqsadida "Kinoshunoslar klubi" tashkil etilishini maʼlum qildi.

"Oʻzbekfilm" milliy kinokompaniyasi klub faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi. Uning Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi – FIPRESCIga aʼzo boʻlishiga koʻmaklashadi. Bu milliy filmlarning nufuzli xalqaro festivallardagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.

Soha vakillarining kasbiy hamjamiyatini jipslashtirish uchun Oʻzbekiston Kino arboblari va Oʻzbekiston kino sanoati vakillari uyushmalari birlashtirilib, Oʻzbekiston kino sohasi vakillari palatasi tashkil etiladi.

Palata sohada oʻzini oʻzi boshqarishni rivojlantirish, ijodkorlarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning professional oʻsishiga koʻmaklashish bilan shugʻullanadi.

Yosh kinoijodkorlarning xorijda malaka oshirishi va palata faoliyati moliyaviy-tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlanishi belgilandi. Yangi palata faoliyatini tashkil etish ishlarini bir oyda yakunlash topshirildi.

Prezidentimiz milliy kino sanoatini yangi texnologik rivojlanish bosqichiga olib chiqish zarurligini taʼkidladi. Kino yaratishda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish boʻyicha hamkorlik dasturi bir oyda ishlab chiqiladi.

Unda yangi taʼlim dasturlarini tayyorlash, mutaxassislarni oʻqitish va xorijda malakasini oshirish masalalari koʻzda tutiladi.

Shundan soʻng davlatimiz rahbari "Oʻzbekfilm" nomini milliy kinomizning yagona brendi sifatida mustahkamlash tashabbusini ilgari surdi. Xalqimiz Chilonzorning bu hududini azaldan "Oʻzbekfilm" deb atashi qayd etildi.

Hozirgi Chilonzor koʻchasining mazkur qismiga "Oʻzbekfilm" nomini berish taklif qilindi. Kino sanʼati muzeyini "Oʻzbekfilm" muzeyi, Kino sanʼati saroyini "Oʻzbekfilm" kinosaroyi, Milliy kinofondni "Oʻzbekfilm" milliy kinofondi deb nomlab, ularni yagona brend ostida birlashtirish taklif etildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid