Ilk bor oʻzbekistonlik olima Butunjahon fanlar akademiyasi vitse-prezidenti etib saylandi
Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo tarixida ilk bor Shahlo Turdiqulova Butunjahon fanlar akademiyasi vitse-prezidenti etib saylandi. Butunjahon fanlar akademiyasi 112 mamlakatning yetakchi tadqiqotchilarini, jumladan, Nobel mukofoti laureatlarini birlashtiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Shahlo Turdiqulova 2027–2028 yillar uchun Butunjahon fanlar akademiyasining (TWAS) Markaziy va Janubiy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti etib saylandi. Sh.Turdiqulova akademiyaning butun tarixi davomida uning rahbariyatiga saylangan Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyoning ilk vakili boʻldi.
Butunjahon fanlar akademiyasi 112 mamlakatning yetakchi tadqiqotchilarini, jumladan, Nobel mukofoti laureatlarini birlashtiradi. Fizika boʻyicha Nobel mukofoti laureati Abdus Salam tashabbusi bilan 1983 yilda tashkil etilgan TWAS rivojlanayotgan mamlakatlarda ilm-fan taraqqiyotini qoʻllab-quvvatlaydi. Akademiya YuNESKOning dasturiy boʻlinmasi boʻlib, uning bosh qarorgohi Italiyaning Triyest shahrida joylashgan.
Saylov natijalari TWAS aʼzolarining ovoz berishi asosida aniqlandi. Shahlo Turdiqulova akademiyaning olt nafar vitse-prezidentidan biri sifatida 2027 yil 1 yanvardan oʻz vakolatlarini bajarishga kirishadi. U 2025 yildan Butunjahon fanlar akademiyasi aʼzosi hisoblanadi.
TWASning yangi Kengashiga Xitoy Fanlar akademiyasi prezidenti Xou Szyango rahbarlik qiladi. Shahlo Turdiqulova Kengash tarkibida akademiya faoliyatining strategik yoʻnalishlarini belgilash, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlashda ishtirok etadi. Uning saylanishi Markaziy Osiyoga TWASning ilmiy kun tartibini shakllantirishda rahbariyat darajasida bevosita ishtirok etish imkonini beradi.
Maʼlumot oʻrnida: biologiya fanlari doktori Shahlo Turdiqulova — biotexnologiya, biokimyo va inson genetikasi sohalaridagi olim, Ilgʻor texnologiyalar markazi direktori. U doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash doirasida Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetining (UCLA) membrana biologiyasi laboratoriyasida tadqiqotlar olib borgan. 2025 yilda Oksford universitetining tashkiliy yetakchilik boʻyicha diplomini — Postgraduate Diploma in Organisational Leadership — olgan.
Uning ilmiy faoliyati Markaziy Osiyo aholisi genetikasini oʻrganish va Oʻzbekistonda biotexnologiyalarni rivojlantirish bilan bogʻliq. Uning rahbarligida COVID-19ni aniqlashga moʻljallangan ilk mahalliy PZR-test tizimi hamda Oʻzbekiston–Xitoy hamkorligidagi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi ishlab chiqilgan.
TWAS ilmiy tadqiqotlar uchun grantlar ajratadi, ilmiy kadrlar tayyorlashga koʻmaklashadi, tadqiqot markazlari oʻrtasidagi almashinuvlarni qoʻllab-quvvatlaydi va ilmiy diplomatiyani rivojlantiradi.





