Eskidan qolgan “goszakaz” zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayotgani qayd etildi
Bir vaqtning oʻzida bitta rejissyorga oltitagacha, bir muallifga yettitagacha loyiha biriktirilgan. Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani xususiy ijodkorlar uchun teng raqobat imkonini cheklagan. Oqibatda kuchli ssenariy va sifatli film yaratish oʻrniga topshiriqni tezroq “yopish” asosiy mezon boʻlib qolgan.

Prezidentimiz yangi davrda yaratilgan tarixiy filmlarga toʻxtaldi. Ular orasida “Islomxoʻja”, “Ibrat”, “Avloniy”, “Abdulla Qodiriy”, “Qoʻqon shamoli”, “Muqimiy”, “Ilhaq”, “Oʻzbek qizi”, “Bahodir Yalangtoʻsh” bor.
Milliy kadrlarimizning yangi avlodi yetishib chiqdi. Davlatimiz rahbari bunda kinoijodkorlarning munosib hissasi borligini qayd etdi.
“Oltin globus” xalqaro kino mukofoti tarixida Markaziy Osiyo va Kavkaz kinoijodkorlarini taqdirlash marosimi ilk bor Toshkentda oʻtkazildi. Uchrashuvda ishtirok etayotgan aktrisa Gulchehra Jamilova “Meridian” mukofotiga sazovor boʻldi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz milliy kino sanʼatimizni yangi bosqichga olib chiqish borasida oldinda hali koʻp ishlar turganini ochiq aytish zarurligini taʼkidladi.
Prezidentimiz bugun professional kinotanqidchilar fikri bilan yetarlicha hisoblashilmayotganini qayd etdi.
– Qolaversa, xolis tahlil ijodkorga oʻz kamchiliklarini koʻra olish va oʻsish imkonini beradi-ku! – dedi davlatimiz rahbari.
Kino loyihalarini moliyalashtirishning amaldagi davlat buyurtmasi va xaridi tizimida ham yechimini kutayotgan masalalar bor. Eskidan qolgan “goszakaz” zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayapti.
Bir vaqtning oʻzida bitta rejissyorga oltitagacha, bir muallifga yettitagacha loyiha biriktirilgan. Bunday yuklamada har bir asar ustida puxta ishlash qiyin. Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani xususiy ijodkorlar uchun teng raqobat imkonini cheklagan.
Oqibatda kuchli ssenariy va sifatli film yaratish oʻrniga topshiriqni tezroq “yopish” asosiy mezon boʻlib qolgan. Mamlakatimiz yetakchisi ijodkor mehnatining natijasi tomoshabinni chuqur oʻyga solib, qalbida iz qoldirgan film bilan oʻlchanishi kerakligini taʼkidladi.
Ssenariy suratga olish jarayonida boyitilishi, ijodiy yechimlar oʻzgarishi mumkin. Shuning uchun sanʼat asarini oddiy tovar yoki qurilish obʼekti kabi texnik topshiriqlar asosida xarid qilish toʻgʻri emasligi koʻrsatib oʻtildi.





