platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Sport

Prezident Paraosiyo oʻyinlari qahramonlariga tabrik yoʻlladi

Osiyo boʻyicha 3-oʻrinni egallab, tarixiy natija qayd etgan para atletlarimiz Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. 

Prezident Paraosiyo oʻyinlari qahramonlariga tabrik yoʻlladi

​Prezident Shavkat Mirziyoyev V yozgi Paraosiyo oʻyinlari gʻoliblari va ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi.

Musobaqalarda Osiyo qitʼasining 45 ta davlatidan 2 ming 600 nafardan ziyod kuchli para sportchi ishtirok etdi. Vakillarimiz qizgʻin va murosasiz ruhda kechgan bellashuvlarda 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi.

Sporti jadal rivojlanayotgan Hindiston, Janubiy Koreya, Eron, Tailand, Indoneziya kabi davlatlar jamoalari ortda qoldirilib, Xitoy Xalq Respublikasi va Yaponiyadan keyin uchinchi oʻrin zabt etildi.

Pauerliftingchi Roʻza Qoʻziyeva delegatsiyamiz hisobiga oltin medal taqdim etish bilan birga jahon rekordini oʻrnatdi. Madina Muxtorova, Karomat Omonova yadro uloqtirishda, Shahina Yigitaliyeva nayza uloqtirishda, Navroʻza Ahmadova disk uloqtirishda, Xurshid Qodirov 100 metrga yugurishda, Yegor Bolotov 100 metrga chalqancha suzish va 200 metrga kompleks suzish dasturlarida, delegatsiyamiz tarkibidagi eng yosh sportchilarimizdan 16 yoshli Lolaxon Qodirova qizimiz 50 metrga erkin usulda suzishda Osiyo rekordini qayd etdi.

Bundan tashqari, para velosport, pauerlifting va para yengil atletika sport turlari boʻyicha ham 16 nafar vakilimiz Paraosiyo oʻyinlari rekordini yangilashga muvaffaq boʻldi.

V Paraosiyo oʻyinlarida tarixiy natija qayd etgan para atletlarimiz Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

​Bugun Toshkent xalqaro aeroportining 3-terminalida Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida boʻlib oʻtgan V Paraosiyo oʻyinlarida ishtirok etib, tarixiy natijaga erishgan Oʻzbekiston sport delegatsiyasini tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.

​Tantanali marosimda Paraosiyo oʻyinlari gʻolib va ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan oʻqib eshittirildi. Harbiy orkestr ijrosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi, Milliy gvardiya bayroqdorlari saf tortdi.

​Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha maslahatchisi - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Prezidentning sport boʻyicha vakili Odil Abdurahmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari - taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov, sport vaziri Adkham Ikramov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov hamda Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev ishtirok etdi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid