Prezident ichki ishlar sohasi xodimlarini tabrikladi
Joriy yilda mamlakat mahallalarining qariyb yarmida jinoyat sodir etilmaganini taʼkidlandi. Kiberjinoyatlarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va fuqarolarning mol-mulkini himoya qilish choralari kuchaytirilayotgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi.
Davlat rahbari xalq osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yoʻlidagi fidokorona xizmatlari uchun soha vakillariga minnatdorlik bildirdi.
"Joriy yilda mahallalarimizning qariyb yarmida jinoyat sodir etilmagani – ichki ishlar xodimlari, mahalla faollari va aholining hamkorlikdagi mehnati samarasidir. Endi bu tajribani kengaytirib, har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish boʻyicha ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarur.
Jamoat xavfsizligini taʼminlashda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengaymoqda. Kiberjinoyatlarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va fuqarolarning mol-mulkini himoya qilish choralari kuchaytirilmoqda.
Giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, ayniqsa, yoshlarimizni bu illatlar taʼsiridan asrash muhim vazifamiz boʻlib qolmoqda. Buning uchun zamonaviy bilim va puxta tayyorgarlik zarur. Shu bois, kadrlar tayyorlashda nazariyani amaliyot bilan bogʻlash, dual taʼlimni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy mutaxassislar tajribasidan foydalanishga katta ahamiyat bermoqdamiz", deyiladi tabrikda.
Davlat rahbari ichki ishlar xodimlarini qonunga qatʼiy rioya qilish, fuqarolarga hurmat bilan munosabatda boʻlish va xalq ishonchini mustahkamlashga chaqirdi.





