Kosonsoy tumani hokimi oʻrinbosari xizmat avtomashinasida qoʻlga olindi
U hokimiyat tomonidan mahalliy tadbirkorga ijara asosida berilgan yer maydonini boshqa tadbirkorga olib berish bilan qoʻrqitib, undan tamagirlik yoʻli bilan oʻzining yashash xonadoniga 20 kVt quvvatli quyosh panellarini oʻrnatib berishni talab qilgan.

Tadbirkorga tegishli yer maydonini olib qoʻyish bilan tahdid qilgan mansabdor ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokimiyat organi vakilining noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Xususan, Kosonsoy tumani hokimi oʻrinbosari mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda, hokimiyat tomonidan mahalliy tadbirkorga ijara asosida berilgan yer maydonini boshqa tadbirkorga olib berish bilan qoʻrqitib, undan tamagirlik yoʻli bilan oʻzining yashash xonadoniga 20 kVt quvvatli quyosh panellarini oʻrnatib berishni talab qilgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokim oʻrinbosari quyosh panellarini sotib olish va oʻrnatish xarajatlari uchun 65 mln soʻm pul mablagʻini oʻzining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





