Keksalar uchun muzey va tarixiy obidalarga kirishga 50 foizlik chegirma joriy etiladi
Chegirma joriy yilning 1 noyabridan 30 noyabrigacha “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida amal qiladi.

Oʻzbekistonda keksalar uchun muzey va tarixiy obidalarga 50 foizlik chegirma joriy etiladi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1 noyabridan 30 noyabrigacha “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida madaniy meros obʼektlari, davlat muzeylari hamda muzey-qoʻriqxonalarga tashrif buyuruvchi keksa yoshdagi fuqarolar uchun kirish chiptalariga 50 foizlik chegirma joriy etiladi.
Bildirilishicha, mazkur tashabbus keksa yoshdagi fuqarolarning tarixiy obidalar va muzeylarga tashrif buyurish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning mazmunli hordiq chiqarishini ragʻbatlantirish hamda mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishishlariga koʻmaklashishga qaratilgan.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 sentabrdagi 1-son majlis bayonining 7-bandida “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida madaniy meros obʼektlari va davlat muzeylariga tashrif buyuruvchilar uchun chegirmalar eʼlon qilish choralarini koʻrish vazifasi belgilangan.





