Yil boshidan buyon 3 trillion soʻm aliment mablagʻlari undirildi
MIB xabariga koʻra, oʻtgan davrda jami 54,8 trillion soʻmlik mablagʻ undirildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 14,4 trillion soʻmga koʻp.

OAV uchun kontent tayyorlash markazida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Axborot xizmati rahbari Farrux Toshpoʻlatov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda joriy yil davomida ijro hujjatlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijalari maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, oʻtgan davrda jami 54,8 trillion soʻmlik mablagʻ undirildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 14,4 trillion soʻmga koʻp. Shundan 36,7 trillion soʻmi davlat, 16,5 trillion soʻmi tadbirkorlik va boshqa subʼektlar, 1,6 trillion soʻmdan ortigʻi esa fuqarolar manfaatlari uchun yoʻnaltirildi.
Davlatning majburlov mexanizmlaridan foydalanmagan holda 2,2 trillion soʻmlik hujjatlar ijrosi ham taʼminlandi.
Ijtimoiy yoʻnalishda 3 trillion soʻm aliment mablagʻi undirildi. “Aliment toʻlovlari” jamgʻarmasi hisobidan 565 nafar fuqaroga 30,5 milliard soʻm toʻlab berildi. Manzilli ishlar natijasida 21 mingdan ortiq fuqaro ishga joylashtirildi, 11,2 mingdan ortiq oila yarashtirildi.
Shuningdek, noqonuniy ishdan boʻshatilgan 508 nafar fuqaro ishga tiklanib, ular foydasiga 21,6 milliard soʻm ish haqi undirildi. “Daftarlar” bilan bogʻliq jamgʻarmalarga 1,3 trillion soʻm yoʻnaltirildi — bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 222 milliard soʻm koʻp.





