platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Toshkentdagi oʻnlab bozor va savdo komplekslari ommaviy savdolarga chiqariladi

Bozor va savdo komplekslarining moliyaviy holati, mol-mulki va kadastr hujjatlari oʻrganiladi.
Shuningdek, noqonuniy qurilishlar, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorliklar aniqlanadi.

Toshkentdagi oʻnlab bozor va savdo komplekslari ommaviy savdolarga chiqariladi

Toshkent shahridagi bozorlar va savdo komplekslarining moliyaviy holati oʻrganilib, ularning barcha mol-mulki toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi. Bu ishlar poytaxtni 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar doirasida amalga oshiriladi.

Toshkent shahar hokimligiga koʻra, xatlov jarayonida bozor va savdo majmualariga tegishli bino-inshootlarning kadastr hujjatlari, mulkdorlar roʻyxati hamda moliyaviy koʻrsatkichlari atroflicha tahlil qilinadi. Shuningdek, hududlardagi noqonuniy qurilishlar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari koʻriladi. Bozorlarning hududiy chegaralari va muhofaza zonalari ham qayta koʻrib chiqiladi. Bundan tashqari, ularning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorligiga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

Oʻrganishlar yakunida bozorlar va savdo komplekslariga tegishli aktivlardan samarali foydalanish, ularning iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda tegishli boshqaruv organlari qarorlari asosida ommaviy savdolarga chiqarish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.

Mazkur jarayonda Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi, tuman hokimliklari, soliq organlari, Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi va "Tashkent Invest" aksiyadorlik jamiyati hamkorlikda ish olib boradi.

Eslatib oʻtamiz, 2026 yil 27 iyul kuni Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori imzolangan edi. Hujjatga muvofiq, poytaxtdagi 35 ta bozor va savdo kompleksi hamda ularning shoxobchalarini ommaviy savdolarga chiqarish belgilangan.

Xususiylashtirish rejasiga Sergeli avtomobil bozori, "Oʻrikzor" va "Qoʻyliq" kabi yirik savdo maskanlari ham kiritilgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid