platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalar uchun maxsus tartib tasdiqlandi

Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati faqatgina tabiiy gaz (shu jumladan, suyultirilgan gaz), elektr energiyasi, geotermal energiya, quyosh energiyasi hamda issiqlik elektr stansiyalarida hosil boʻladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalar uchun maxsus tartib tasdiqlandi

Toshkent shahri va unga tutash hududlarda issiqxonalar uchun maxsus ekologik tartib joriy etilmoqda.

Hukumat qarori (586-son, 22.10.2026 y.) bilan Maxsus hududda joylashgan qattiq yoqilgʻida ishlovchi issiqxonalarga belgilanadigan ekologik talablar toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga koʻra, Toshkent shahri, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyoʻl, Zangiota va Toshkent tumanlari issiqxona xoʻjaliklari faoliyati uchun maxsus ekologik tartib joriy etiladigan hudud (Maxsus hudud) etib belgilandi.

Maxsus hududda isitish tizimiga ega boʻlgan issiqxona xoʻjaliklari faoliyati faqatgina tabiiy gaz (shu jumladan, suyultirilgan gaz), elektr energiyasi, geotermal energiya, quyosh energiyasi hamda issiqlik elektr stansiyalarida hosil boʻladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Qattiq yoqilgʻida (koʻmir, briket va biomassa pelletlari) faoliyat yuritayotgan issiqxona xoʻjaliklari 2026 yil 1 dekabrga qadar isitish turini yuqoridagi turlarga oʻzgartirib, faoliyatini davom ettiradi.

Qattiq yoqilgʻidan faqatgina quyidagi talablarning barchasini bir vaqtning oʻzida bajargan holda foydalanishga ruxsat etiladi:

- qozon qurilmalarini yoqilgʻi uzatish va yonish jarayonini avtomatik boshqarish tizimi hamda chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlash;

- uzluksiz avtomatik monitoring tizimini oʻrnatish va uni Ekologiya qoʻmitasining axborot tizimlariga integratsiya qilish;

- uskunalarning muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi;

- onlayn kameralar, quvvat manbai va zaxira generatori oʻrnatish;

- hosil boʻlgan chiqindilarni utilizatsiya qilish.

Issiqxona xoʻjaliklarida shinalar, bitum, mazut, plastmassa va polimer plyonkalar, sintetik karton, rezina, jun tolasi, ishlatilgan moylar, maishiy va ishlab chiqarish chiqindilarini hamda shunga oʻxshash tarkibli materiallarni yoqilgʻi sifatida yoqish qatʼiyan taqiqlanadi.

Ekologik modernizatsiyani moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari:

- 2028 yil 1 yanvarga qadar chang-gaz tozalash uskunalari, qozon qurilmalari, energiya tejamkor ekranlar, energiya samarador texnologiyalar, elektr, geotermal, quyosh va kogeneratsiya asosidagi isitish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir gektari uchun 50 mln soʻmdan oshmagan qismiga davlat byudjeti hisobidan subsidiya ajratiladi;

- avtomatik monitoring stansiyalarini xarid qilishda istak bildirgan issiqxonalarga uch tomonlama shartnoma tuzish orqali 7 yil muddatga foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan har bir stansiya uchun 350 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan mablagʻlar moliyalashtiriladi;

- 2026–2027 yillarda elektr energiyasi, geotermal, quyosh energiyasi, kogeneratsiya isitish tizimlariga oʻtish loyihalari uchun tijorat banklari orqali 7 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 4 foiz) loyiha qiymatining 50 foizigacha qismiga va har bir gektarga 3 mlrd soʻmgacha kreditlar ajratiladi.

2026 yil 1 dekabrdan boshlab belgilangan talablarga javob bermaydigan issiqxona xoʻjaliklariga davlat ekologik ekspertizasi boʻyicha ijobiy xulosa berilmaydi, ilgari berilgan xulosaning amal qilishi belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatiladi. Bunda issiqxonani elektr, gaz va suv taʼminotidan uzish choralari koʻriladi.

Maxsus hududdagi issiqxona xoʻjaliklarida har yili 15 oktabrdan 15 martga qadar nazorat va monitoring ishlari amalga oshiriladi. Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar aniqlangan taqdirda issiqxona faoliyati yoki ifloslantiruvchi manba 10 kungacha vaqtincha toʻxtatib turiladi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid