Oʻzbekiston va Ozarbayjon mezbonligida oʻtkaziladigan jahon chempionati sanasi eʼlon qilindi
Yoshlar oʻrtasidagi mundial 2027 yilning 17 sentabridan 9 oktabriga qadar boʻlib oʻtadi. Maʼlumot oʻrnida, U-20 Jahon chempionati har ikki yilda oʻtkaziladigan turnir hisoblanadi.

2027 yili Oʻzbekiston va Ozarbayjon mezbonligida oʻtkaziladigan FIFA U-20 Jahon chempionatining sanalari maʼlum boʻldi.
Unga koʻra, yoshlar oʻrtasidagi mundial 2027 yilning 17 sentabridan 9 oktabriga qadar boʻlib oʻtadi. Nufuzli musobaqada dunyoning eng iqtidorli yosh futbolchilari Jahon chempionati uchun kurash olib boradi.
"Men FIFA U-20 Jahon chempionati 2027 yil 17 sentabrdan 9 oktabrgacha boʻlib oʻtishini eʼlon qilishdan mamnunman! Ozarbayjon va Oʻzbekiston dunyoning eng yaxshi yosh futbolchilarini mezbon sifatida kutib olishga tayyor", dedi FIFA rahbari Janni Infantino.
Maʼlumot oʻrnida, U-20 Jahon chempionati har ikki yilda oʻtkaziladigan turnir hisoblanadi. Soʻnggi musobaqa 2025 yil sentabr-oktabr oylarida Chili maydonlarida oʻtkazildi. Unda Marokash yoshlari gʻalaba qozondi.





