Kompyuter monoblokini pora sifatida olgan ekologiya boʻlim boshligʻi 5 yilga qamaldi
Mansabdor 100 tupga yaqin terak kesilgani holati boʻyicha chora koʻrmaslik, tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirish hamda transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga ushbu qurilmani soʻragan.

Jomboy tumani ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boʻlimi boshligʻi kompyuter monoblokini pora sifatida olgani aniqlandi. OAVda mazkur ishning sud tafsilotlari paydo boʻldi.
Aytilishicha, 39 yoshli J.R. tumanning Zarafshon mahallasida 100 tupga yaqin terak kesilgani holati boʻyicha chora koʻrmaslik, tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirish hamda transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga narxi 11 mln soʻm boʻlgan kompyuter jamlanmasini (monoblok) talab qilgan.
U 26 iyun kuni oʻz xizmat xonasida monoblokni pora tariqasida olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan. J.R. sudda aybiga iqrorlik bildirgan hamda kompyuter jamlanmasini ishxonasiga kerak boʻlgani uchun soʻraganini aytgan.
Daraxt kesuvchilar dastlab 300 dollar pora taklif qilgan. "Unga pul kerak emasligini, ishxonamga kerak boʻlgani sababli kompyuter olib berishini, shundan soʻng yuk mashinasini jarima maydonchasidan chiqarishga yordam qilishimni aytdim. Lekin jarimani kamaytirib beraman demadim”, degan sudlanuvchi oʻz koʻrsatmasida.
JIB Jomboy tuman sudi hukmi bilan J.R. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan.
Unga 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.





