Xorazmda ona va uch farzand ovqatdan zaharlanib vafot etdi
Ular bir kun avvalgi tugʻilgan kun tadbiridan qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilgan, shundan soʻng zaharlanish alomatlari kuzatilgan.

Xorazm viloyati Bogʻot tumanida ovqatdan zaharlanish oqibatida bir oilaning toʻrt aʼzosi — ona va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandi vafot etdi.
Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, oila aʼzolari 8 oktabr kuni avvalgi kungi tugʻilgan kun tadbiridan qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilgan, shundan soʻng ularda zaharlanish alomatlari kuzatilgan.
Fuqarolarning oʻlimi sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Tekshiruvga viloyat FVB, SSB va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislari jalb etilgan.
Holat yuzasidan 10 oktabr kuni Jinoyat kodeksining 276−11-moddasi 4-qismi «a» bandi (Isteʼmolchilarning hayoti yoki sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish odamlar oʻlimiga sabab boʻlishi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda holat boʻyicha tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.





