Reydlarda 3 mingdan ziyod noqonuniy ishlatilayotgan gaz ballonlari aniqlandi
Joriy yilning 19-21 oktabr kunlari respublika boʻyicha 120 dan ortiq holat fosh etilib, shundan 39 ta holatda gaz idoralari xodimlarining bevosita aloqadorliklari aniqlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “Oʻzenergoinspeksiya” xodimlari tomonidan joylarda reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Joriy yilning 19-21 oktabr kunlari respublika boʻyicha 120 dan ortiq holat fosh etilib, shundan 39 ta holatda gaz idoralari xodimlarining bevosita aloqadorliklari aniqlandi. Tadbirlar davomida noqonuniy muomalada boʻlgan 3 mingdan ziyod gaz ballonlari va ularda saqlanayotgan 13636 kg suyultirilgan gaz mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi.
Xususan, Jizzax viloyatida jami 9 ta holatda 239 ta gaz ballon sotish maqsadida noqonuniy saqlab kelinayotganligi fosh boʻldi.
Jumladan, muqaddam Zomin tumangaz taʼminot boʻlimida yuqori lavozimlardan birida ishlagan shaxs oʻzining qarindoshiga tegishli xonadonda 152 ta gaz ballonni yashirincha saqlab kelgan.
Qoʻshni Sirdaryo viloyatida ham shu kabi holatlar aniqlanib, birgina Xovos tumangaz boʻlimi mansabdorlaridan birining uyidan hech bir hujjatlarsiz saqlanayotgan 30 dona gaz balloni olindi.
Samarqand viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumangaz toʻldirish shoxobchasi qorovuli gaz bilan toʻldirilgan 3 dona ballonni 2,5 mln soʻmga sotayotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Viloyatning Pastdargʻom tumanida yashovchi, 1972 y.t. fuqaroning xonadoni koʻzdan kechirilganda esa, ushbu manzilda gaz bilan toʻldirilgan 22 ta ballon borligi maʼlum boʻldi. Aniqlanishicha, u gaz ballonlarni tumangaz boʻlimi haydovchisidan 70 ming soʻmdan sotib olib, fuqarolarga 100 ming soʻmdan sotish bilan shugʻullangan.
Fargʻona viloyatida ham hamkorlikdagi reyd tadbirlari oʻtkazilib, Qoʻshtepa tumangaz boʻlimi muhandisi hamda chilangari aholi uchun moʻljallangan 8 ta gaz ballonlarini oʻz yashash xonadonlarida noqonuniy sotish maqsadida saqlab kelayotganliklari fosh etildi.
Mamlakatimizning janubiy mintaqasi hisoblangan Surxondaryo viloyatida oʻtkazilgan reyd tadbirlarida noqonuniy saqlovda boʻlgan jami 65 ta gaz ballon tegishli tartibda hujjatlashtirildi.
Jumladan, Bandixon tumanida yashovchi 39 yoshli fuqaro tumangaz boʻlimi haydovchisidan 70 ming soʻmdan sotib olgan 32 ta gaz ballonni isteʼmolchilarga qimmat narxlarda sotib, moʻmay daromad topmoqchi boʻlgan.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumangaz boʻlimi haydovchisining uyidan ham jami 26 ta gaz balloni protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Bu kabi noqonuniy holatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Namangan va boshqa viloyatlarida ham aniqlandi.
Taʼkidlash lozim, ushbu yoʻnalishdagi reyd tadbirlari Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa mutassaddi idoralar hamkorligida muntazam ravishda oʻtkazib boriladi hamda qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar koʻriladi





