Global miqyosdagi natijalar eʼtirofi: Ziroat Mirziyoyevaga topshirilgan JSST mukofoti kimlarga beriladi?
WHO Director-General’s Award — Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Bosh direktorining global sogʻliqni saqlash sohasidagi nufuzli xalqaro mukofoti. U 2019 yilda JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus tomonidan taʼsis etilgan. Laureatlarni shaxsan JSST Bosh direktori tanlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirishdagi yetakchiligi va har bir bolaning sogʻlom hayot kechirish huquqini global miqyosda ilgari surgani uchun JSSTning nufuzli xalqaro mukofoti — WHO Director-General’s Award 2026 bilan taqdirlandi.
Bu qanday mukofot?
WHO Director-General’s Award — Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Bosh direktorining global sogʻliqni saqlash sohasidagi nufuzli xalqaro mukofoti. U 2019 yilda JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus tomonidan taʼsis etilgan. Laureatlarni shaxsan JSST Bosh direktori tanlaydi.
Ushbu mukofot global sogʻliqni saqlash sohasida alohida yetakchilik koʻrsatib, aholi salomatligini muhofaza qilishda aniq natijalarga erishgan shaxslarga beriladi. Mukofot har yili cheklangan sondagi shaxslarga taqdim etiladi.
Masalan, 2024 yilda uch nafar, 2025 yilda ikki nafar laureat ushbu mukofotga loyiq koʻrilgan. Ular orasida Nobel mukofoti sovrindorlari, amaldagi hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va taniqli olimlar bor.
Xususan, Barbados Bosh vaziri Mia Mottli, fiziologiya va tibbiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindorlari Katalin Kariko va Dryu Vaysman, global sogʻliqni saqlash sohasidagi taniqli olim Piter Piot, Garvard professori Pol Farmer kabi dunyoga mashhur shaxslar ham ushbu mukofot bilan taqdirlangan.

Mia Mottli — iqlim oʻzgarishi va uning inson salomatligiga taʼsiri masalalaridagi yetakchiligi, shuningdek, mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilikka qarshi kurash boʻyicha Global yetakchilar guruhi raisi sifatidagi faoliyati uchun 2024 yilda taqdirlangan.
Katalin Kariko va Dryu Vaysman — COVID-19ga qarshi mRNK vaksinalarini yaratishga yoʻl ochgan ilmiy tadqiqotlari va ushbu texnologiyani rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 2024 yilda mukofotlangan. Ularning kashfiyotlari pandemiya davrida samarali mRNK vaksinalarini ishlab chiqishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Kariko va Vaysman 2023 yilda fiziologiya va tibbiyot boʻyicha Nobel mukofotiga ham sazovor boʻlgan.
Piter Piot — global sogʻliqni saqlash sohasidagi koʻp yillik faoliyati va jamoat salomatligiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 2023 yilda taqdirlangan. U Ebola virusining ilk kashf etilishi va birinchi epidemiyani jilovlash ishlarida ishtirok etgan, keyinchalik OIV/OITSga qarshi global kurashda yetakchi rol oʻynagan.
Pol Farmer — dunyoning eng kam taʼminlangan aholi qatlamlariga sifatli tibbiy yordamni yetkazish, sogʻliqni saqlashda tenglikni taʼminlash, inson huquqlari va ijtimoiy tengsizlik masalalaridagi koʻp yillik faoliyati uchun 2022 yilda vafotidan soʻng taqdirlangan.
U Garvard tibbiyot maktabining Global salomatlik va ijtimoiy tibbiyot departamenti rahbari hamda kam taʼminlangan aholiga tibbiy yordam koʻrsatuvchi Partners In Health xalqaro tashkiloti hammuassisi boʻlgan.
Ziroat Mirziyoyevaning bolalar onkologiyasi boʻyicha tibbiy yordam tizimini rivojlantirishdagi yetakchiligi, shuningdek, har bir bolaning sogʻlom hayot kechirish huquqini global miqyosda ilgari surish borasidagi faoliyati esa alohida eʼtirof etildi.
“Muhtaram Birinchi xonim! Siz butun dunyoda bolalar, ayniqsa, onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalar manfaatlari yoʻlida chinakam kurashchi, har bir bolaning taʼlim olish va sogʻlom hayot kechirish huquqining himoyachisisiz”, — dedi JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus.

JSSTning mazkur nufuzli mukofoti Birinchi xonim boshchiligida bolalar salomatligini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalarning global miqyosdagi eʼtirofi boʻldi.





