Gegemonlar nimani istaydi?
Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashib, Ukraina urushini muhokama qilmoqchi. OAVga koʻra, Kremlning asosiy maqsadi — uchta superdavlat oʻrtasida taʼsir doiralarining yangi taqsimotini mustahkamlash hamda Ukrainani va AQShning Yevropadagi ittifoqchilarini muzokaralar jarayonidan butunlay chetlashtirishdan iborat.

Ukrainada besh yildan beri davom etayotgan mojaro yakuniga yetishiga yangi umid paydo boʻldi. Ammo bu umid roʻyobga chiqsa, ukrainlar uchun oʻta alamli boʻlishi mumkin.
Davlat tepasiga kelganidan beri 7 ta urushni toʻxtatgani va Ukrainadagi ehtimoliy muvaffaqqiyat sakkizinchisi boʻlishini daʼvo qilayotgan Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashib, bu toʻqnashuvni muhokama qilmoqchi. The Wall Street Journal nashrining maʼlum qilishicha, Rossiya prezidenti 9 oktabr kuni Donald Tramp bilan telefon orqali suhbat chogʻida Si Szinpin ishtirokida uch tomonlama sammit oʻtkazishni taklif qilgan. Uchrashuvni 18–19 noyabr kunlari Shenchjenda boʻlib oʻtadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida tashkil etish nazarda tutilgan.
Nashrning yozishicha, Kremlning asosiy maqsadi — uchta superdavlat oʻrtasida taʼsir doiralarining yangi taqsimotini mustahkamlash hamda Ukrainani va AQShning Yevropadagi ittifoqchilarini muzokaralar jarayonidan butunlay chetlashtirishdan iborat.
Garchi rasmiy bayonotlarda urushni toʻxtatish, strategik barqarorlik va yadroviy qurollarni nazorat qilish masalalari tez-tez tilga olinsada, ushbu diplomatik faollik ortida iqtisodiy manfaatlar, taʼsir doiralarini taqsimlash va xalqaro munosabatlar arxitekturasini qayta qurish maqsadlari yotgan boʻlishi mumkin.
Xoʻsh, AQSh prezidenti, Vladimir Putin va Si Szinpin aslida nimaga erishmoqchi? Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy nega kutilmagan diplomatik «syurprizlar»dan xavotirga tushyapti? Buyuk davlatlar oʻrtasidagi kelishuv barqaror tinchlikka olib keladimi? Yoki kichik davlatlarning taqdirini ularning oʻzlaridan soʻramasdan hal qilish norma boʻlgan yangi geosiyosiy tartib shakllanyaptimi?
Diplomatiyaning burilish nuqtasi
Bugun xalqaro munosabatlar tizimi chuqur evrilishlarga uchrayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan xavfsizlik mexanizmlari tobora samarasiz boʻlib qolyapti, gegemon davlatlar mavjud kuchlar muvozanatini qayta koʻrib chiqishga intilmoqda.
Ehtimoliy uchrashuvning ehtimoliy kun tartibiga Ukrainadagi urushni Rossiya uchun maqbul shartlarda tugatish masalasi ham kirishi mumkin. Tramp esa uchrashuvga tayyorligini bildirib, unda yadroviy qurolsizlanish masalasini muhokama qilishga qiziqish bildirgan.
Nega Tramp Putin va Si bilan murosa qilmoqchi?
Donald Tramp yuritayotgan tashqi siyosatning eng yorqin xususiyati — xalqaro munosabatlarga oʻzaro manfaatli bitimlar rakursidan qarash hisoblanadi. AQSh yetakchisining siyosiy mantigʻiga koʻra, diplomatik murosa muayyan iqtisodiy, siyosiy yoki strategik natija berishi shart. Hozirda Vashington bir vaqtning oʻzida uchta murakkab vazifa - tashqi majburiyatlar va yordam xarajatlarini cheklash, Xitoyning kuchayishini tiyib turish va Rossiya bilan bevosita ziddiyat xavfini bartaraf etish zaruriyati oldida turibdi. Ukraina masalasi ushbu strategiyaning muhim qismi hisoblanadi, biroq u Amerika tashqi siyosatining yagona ustuvor yoʻnalishi emas.
Trampning asosiy maqsadi — uzoq davom etayotgan urushni diplomatik vositalar orqali tugatishga qodir siyosiy yetakchi sifatida namoyon boʻlish. Tramp avvaliga “prezident boʻlsam 24 soatda Ukraina urushini tinchitaman” degan edi. Keyinchalik bu muddat 1, 3, 6 oyga “choʻzildi”. Trampning toqati toq boʻlyapti. U biznesmen sifatida xalqaro huquq va adolat tushunchalaridan koʻra, manfaat va obroʻ masalasiga koʻproq eʼtibor qaratadi. Buning uchun ahamiyati va kuchi kamroq biror mayda-chuydani, aytalik Zelenskiy va Ukrainani qurbon qilish Tramp vijdoniga azob bermasligi tayin. Tramp nima qilib boʻlsa ham urushni toʻxtatsa, AQSh ichidagi siyosiy mavqeini mustahkamlashi hamda xalqaro maydonda muzokarachi sifatidagi nufuzini oshirishi mumkin.
AQSh prezidentining ikkinchi maqsadi - iqtisodiy manfaatlar bilan bogʻliq. Vashington energiya bozorlarini barqarorlashtirish, xalqaro ziddiyatlarning iqtisodiy xarajatlarini kamaytirish va yangi savdo kelishuvlariga erishishdan manfaatdor. Rossiya neft mahsulotlariga nisbatan ayrim cheklovlarning yumshatilishi ana shu yondashuvning namunalaridan biri boʻldi, albatta. Qolaversa, yoqilgʻi, demakki logistika va alal-oqibat tovarlarning narxi keskin oshgani amerikaliklarning Trampga ishonchini keskin pasaytirdi. Shu bois Tramp har qanday istihola va xalqaro huquq qoidalarini chetga surib qoʻygan holda, oʻz siyosiy “joni”ni omon qoldirish uchun kurashyapti. Tabiiyki, mazkur qarorlar AQSh siyosiy doiralarida tanqidlarga, Kiyevda esa jiddiy xavotirlarga sabab boʻlgan.
Trampning yana bir maqsadi strategik xususiyatga ega. Vashingtonning uzoq muddatli asosiy raqibi Xitoy hisoblanadi. Rossiya va Xitoy bilan bir vaqtning oʻzida keskin qarama-qarshilikka kirishish AQShning iqtisodiy, diplomatik va harbiy resurslariga katta yuk boʻlur edi. Shu nuqtai nazardan, Vashington Moskva bilan cheklangan yaqinlashuv orqali Rossiyaning Xitoyga strategik bogʻliqligini kamaytirishga intilishi mumkin.
Putin qanday maqsadlarni koʻzlayapti?
Rossiya rahbariyati uchun Vashington bilan muzokaralar bir vaqtning oʻzida bir nechta strategik maqsadga erishish imkoniyatini yaratadi.
Birinchi maqsad — Rossiyani global qarorlar qabul qilishda ishtirok etuvchi mustaqil kuch markazi sifatida mustahkamlash. 2022 yil fevral oyida Ukrainaga bostirib kirgach, Rossiya Gʻarbning jiddiy sanksiyalari va diplomatik cheklovlariga duch kelgan edi. AQSh prezidenti bilan bevosita muloqot Kremlga Rossiyani xalqaro siyosatdan toʻliq ajratib qoʻyish mumkin emasligini namoyish etish imkonini beradi.
Ikkinchi maqsad - Ukrainadagi urush natijalari bilan bogʻliq. Moskva hududiy nazorat, Ukrainaning xavfsizlik tizimidagi oʻrni va NATO bilan munosabatlari boʻyicha oʻz talablariga mos keladigan kelishuvga erishmoqchi. Masalan, bosib olgan yerlarini legitimlashtirmoqchi. Biroq muayyan hudud ustidan amalda nazorat oʻrnatish va ushbu hududga nisbatan xalqaro huquqda tan olingan suverenitet - bir xil tushuncha emas. Chunki BMT Bosh Assambleyasi 2022 yil 12 oktabrda qabul qilgan rezolyutsiyasida Ukrainaning toʻrt viloyatini Rossiyaga qoʻshib olishga urinishlarni qoralagan va mamlakatning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi hududiy yaxlitligini tasdiqlagan edi.
Trampning uchinchi maqsadi — Rossiyaga sanksiyalar bosimini kamaytirish, AQSh bilan aloqalarini tiklash va Xitoy bilan zimdan kurashda Moskva-Pekin ittifoqiga yoʻl qoʻymaslikdan iborat. Rossiya xalqaro bozorlar, moliyaviy mexanizmlar va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga oʻta qaram. Biroq Kreml Gʻarb tomonidan taklif etilishi mumkin boʻlgan iqtisodiy yengilliklarni asosiy siyosiy talablaridan voz kechish sharti sifatida emas, balki muzokaralarning qoʻshimcha natijasi sifatida koʻrishi ehtimol.
Shu vaziyatda AQSh va Rossiya yondashuvlari oʻrtasida jiddiy farq yuzaga keladi. Vashington iqtisodiy imtiyozlar evaziga siyosiy murosa kutishi mumkin. Moskva esa iqtisodiy afzalliklarni qoʻlga kiritgan holda asosiy geosiyosiy pozitsiyalarini saqlab qolishga harakat qiladi.
Si Szinpin mazkur jarayondan nima kutmoqda?
Rossiyadan farqli ravishda, Pekin Ukrainaga qarshi urushda bevosita harbiy tomon sifatida ishtirok etmayapti. Garchi Rossiyaga bilvosita yordam berayotgani haqida maʼlumotlar mavjud boʻlsada. Biroq bu urush Xitoy manfaatlariga iqtisodiy va strategik zarba beryapti. Shu oʻrinda Pekin manfaatlari ham Trampnikiga oʻxshash – Xitoy jahon savdosining barqarorligi, energetika resurslaridan foydalanish imkoniyatlari va yadroviy davlatlar oʻrtasida keng koʻlamli qarama-qarshilikning oldini olishdan manfaatdor. Lekin, Xitoy rahbariyati Moskva va Vashington oʻrtasida Pekin manfaatlariga qarshi yoʻnaltirilishi mumkin boʻlgan strategik yaqinlashuv shakllanishini ham istamaydi.
Shu sababli Si Szinpinning ehtimoliy sammitda ishtirok etishi bir nechta vazifani bajarishi mumkin. Avvalo, Xitoy jahon xavfsizligi masalalarida teng huquqli ishtirokchi maqomini mustahkamlashdan manfaatdor. Shuningdek, yangi strategik kelishuvlarni shakllantirish jarayoniga bevosita taʼsir oʻtkazishga urinishi tabiiy. Qolavresa, Pekin AQSh va Rossiyaning Xitoy manfaatlarini cheklaydigan kelishuvlarga erishishiga ham yoʻl qoʻya olmaydi.
Lekin darhol qayd etish zarur, Pekinning uchrashuvda ishtirok etishga qiziqishi yadroviy qurollarni cheklash boʻyicha majburiyatlarni qabul qilishga tayyorligini anglatmaydi. Xitoy oʻz yadroviy salohiyati AQSh va Rossiyanikidan ancha kichik ekanini muntazam taʼkidlab kelyapti. Shu yil fevral oyida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi “Pekin hozircha AQSh va Rossiya oʻrtasidagi kabi yadroviy qurolsizlanish muzokaralariga qoʻshilish niyatida emasligini” yana bir bor maʼlum qildi. Demak, Xitoy uchun istiqboldagi ehtimoliy uch tomonlama uchrashuv xalqaro mavqesini mustahkamlash va xavfli ziddiyatlarni yumshatish vositasi boʻlishi mumkin xolos. Takrorlash boʻlsa ham aytish lozim, Pekin boshqa qudratli davlatlarning strategik ustunligini mustahkamlaydigan shartlarga rozi boʻlmaydi.
Yadroviy qurolsizlanish: haqiqiy maqsadmi yoki diplomatik vositami?
Garchi OAV ehtimoliy uchtomonlama uchrashuvda Ukraina masalasi koʻrib chiqilishiga eʼtibor qaratayotgan boʻlsada, asosiy urgʻu – yadro urushining oldini olish va shu yoʻlda yadroviy kallaklarni hamda boshqa vayronkor qurollarni qisqartirishga berilishi mumkin. Ayniqsa Trampning Rossiya va Xitoy rahbarlari bilan yadroviy qurolsizlanish masalasini muhokama qilish haqidagi bayonoti alohida eʼtiborga molik. Bu masalaning obʼektiv asoslari esa allaqachon shakllangan. Chunki joriy yilning 5 fevralida AQSh va Rossiya oʻrtasidagi strategik hujum qurollarini cheklash boʻyicha SNV-III, yaʼni New START shartnomasining amal qilish muddati tugadi. Mazkur shartnoma har bir tomon uchun joylashtirilgan strategik yadroviy kallaklar sonini 1550 ta bilan cheklagan edi. Uning amal qilishi tugashi xalqaro qurol-yarogʻ nazorati tizimida jiddiy noaniqlik keltirib chiqaradi.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti — SIPRI tahlillariga koʻra, jahondagi yadroviy qurollarning asosiy qismi AQSh va Rossiya hissasiga toʻgʻri keladi. Ayni paytda Xitoy oʻz yadroviy salohiyatini kengaytirmoqda. Bu holat avvalgi ikki qutbli yadroviy muvozanatni murakkabroq strategik tizimga aylantiryapti. Shu sababli uch davlat oʻrtasidagi muloqot zarurligi shubhasiz.
Shak-shubhasiz, strategik barqarorlik boʻyicha muloqot mustaqil ahamiyatga ega. Shu bilan birga, u Ukraina, sanksiyalar, savdo munosabatlari va mintaqaviy ziddiyatlar haqida muzokara oʻtkazish uchun ham imkoniyat yaratadi. Asosiy xavf esa oʻzaro bogʻliq boʻlmagan masalalarning katta siyosiy savdolashuvga aylanib ketishidir. Bir mamlakatning xavfsizligi boshqa sohadagi kelishuvlar evaziga qurbon qilinmasligi kerak.
Zelenskiy nimadan xavotirda?
Ukraina prezidenti jahon yetakchilarining uchrashuvidan emas, balki Ukraina kelajagiga oid qarorlar usiz qabul qilinishi ehtimolidan tashvishlanmoqda. Zelenskiy 20 oktabr kuni Corriere della Sera gazetasida eʼlon qilingan intervyusida ehtimoliy diplomatik «syurprizlar»dan xavotir bildirgan. U Putinning xalqaro siyosiy yakkalanishdan bosqichma-bosqich chiqayotganini taʼkidlab, agar Ukraina masalasi muhokama qilinsa, mamlakatning oʻz fikri ham inobatga olinishi zarurligini aytgan.
Nafsilambirin aytganda, mazkur xavotirlar asosli. Masalan, tashqi bosim natijasida Ukrainani oʻzi uchun nomaqbul hududiy yoki siyosiy yon berishlarga majburlash xavfi yaqqol namoyon boʻlmoqda. Bundan tashqari, kelgusida beriladigan xavfsizlik kafolatlari ham noaniq va ishonchsiz. Zero Ukrainaning mudofaa qobiliyati Gʻarbning harbiy, razvedka va texnologik yordamisiz keskin pasayib ketadi.
Zelenskiy oʻz intervyusida razvedka maʼlumotlari almashinuvi va sunʼiy yoʻldosh aloqasiga oid cheklovlar haqida ham kuyinib gapirgan. Oslodagi muzokaralardan keyin esa u AQSh razvedka yordamining muhim yoʻnalishi tiklanganini bildirgan edi. Biroq bu maʼlumotlar barcha cheklovlar toʻliq bekor qilinganini anglatmaydi.
Kiyev uchun NATOning beshinchi moddasiga oʻxshash xavfsizlik kafolatlari masalasi ham katta ahamiyatga ega. Biroq NATOning beshinchi moddasi alyans aʼzolariga nisbatan qoʻllanadigan jamoaviy mudofaa mexanizmini belgilaydi. Ukraina NATO aʼzosi boʻlmagan sharoitda bunday kafolatlar avtomatik tarzda ishga tushmaydi. Shuning uchun ular alohida huquqiy majburiyatlar va aniq ijro mexanizmlari bilan mustahkamlanishi zarur.
Eng muhim masala – boshqalar “quloq tinchishi” uchun shosha-pisha mazkur urushni toʻxtatishga urinayotganida emas, balki sulh shartnomasida belgilanadigan talablarni kim va qanday taʼminlashida koʻrilyapti. Aytaylik, Rossiya bosib olgan yerlarini “qonuniylashtirib” olgach, buning ustiga sanksiyalardan va urushda Ukraina hududi va aholisiga yetkazgan ulkan zarari uchun xalqaro javobgarlikdan qutulib qolgach, yana Ukrainaga gʻuzum oʻtkazishi, yanada koʻproq yerlarini bosib olishga urinsa, hech kim unga qarshilik qila olmaydi. Bu boradagi “qizil chiziqlar” va kafolatlar aniqlashtirib olinishi lozim. Aksincha boʻlsa, oʻt ochishni toʻxtatish yangi inqiroz oldidan vaqtinchalik tanaffusga aylanadi xolos.
Yevropa nega katta geosiyosiy kelishuvdan xavfsirayapti?
Tramp manfaatlari va izzat-nafsi oʻz yoʻliga, ammo Yevropa davlatlari uchun Ukrainadagi urush uzoqdagi geosiyosiy muammo emas, balki oʻz xavfsizligiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan inqirozdir. Shu sababli Norvegiya, Finlyandiya va boshqa Yevropa mamlakatlari diplomatik muzokaralarda faol ishtirok etishga intilmoqda.
Shu bois, Yevropa urushning yanada kengayishiga yoʻl qoʻymaslik, xalqaro tan olingan chegaralarni hurmat qilish, mudofaa imkoniyatlarini mustahkamlash va barqaror xavfsizlik mexanizmlarini yaratishdan iborat. Ukrainadagi qilmishlari javobsiz qolgan, bu ham yetmagandek katta yengillik va bonuslar olgan Rossiya xuddi shu uslubini Yevropa davlatlari uchun ham qoʻllab koʻrishiga hech kim kafolat bermaydi va istisno qilmaydi. Zero, Ukrainadan soʻng Putinning imperiyaviy ishtahasi Sharqiy Yevropa, Ozarbayjon yoki Qozogʻistonda ham “tartib oʻrnatishni” istab qolishi mumkin. Ssenariy esa tayyor – Putin urush ochadi, Yevropa yordam bergan boʻladi, Tramp esa tinchlikparvar yetakchi sifatida Moskva bosib olgan yerlarni qonuniylashtirib beradi va kamida Putinning yelkasiga qoqib, rahmat ham aytadi.
Biroq Yevropa bilan AQSh manfaatlari barcha masalalarda toʻla mos kelmaydi. Rasmiy Vashington Ukraina inqirozini Xitoy, Rossiya va global iqtisodiyot bilan bogʻliq keng strategiya doirasida koʻrishi mumkin. Lekin Yevropa uchun ehtimoliy “majburiy” kelishuvning xavfsizlikka oid oqibatlari yaqin yoki uzoq istiqbolda boʻy koʻrsatishi tayin.
Yevropa hukumatlari AQSh yordamining qisqarishidan qanchalik koʻp xavotirlansa, oʻz mudofaa imkoniyatlarini mustaqil ravishda rivojlantirishga shunchalik koʻproq ahamiyat qaratadi. Natijada Ukrainaga tezroq kelishuvga erishish uchun bosim oʻtkazish Yevropa xavfsizligini mustahkamlash oʻrniga transatlantik hamkorlikda ishonchsizlikni kuchaytirishi va tabiiyki qurollanish poygasiga kuch berishi mumkin.
Endi nima boʻladi?
Bir qarashda, Kiyevni oʻta talofotli sulhga majburlashlari aniqdek. Chunki Tramp matbuot anjumanida “agar Ukraina tinchlik kelishuvini tuzmasa, mamlakatdagi vaziyat yanada yomonlashadi. Ukrainaning oʻzi kelishuvga erishishni istashi kerak. Chunki AQSh buning uchun juda katta mablagʻ sarfladi. Yevropa ham shunday qildi va hozir bu vaziyatdan charchagan. Agar tomonlar kelishuvga erisha olmasa, menimcha, oxir-oqibat vaziyat yanada yomonlashadi, hatto ancha ogʻirlashadi” degan fikrni bildirdi. U shuningdek, agar Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kelishuvga erishishni istamasa, «bu juda salbiy oqibatlarga olib kelishi» haqida ogohlantirdi. Tramp Rossiyani «toʻxtovsiz oldinga siljishda davom etayotgan ulkan mashina»ga qiyosladi.
Zelenskiyning oʻzi ham 2024 yil aprelda PBS telekanaliga bergan intervyusida Amerika yordami boʻlmasa Ukrainada gʻalab uchun ikmon qolmaydi degan edi. Lekin mavjud geosiyosiy vaziyat va tomonlar manfaatlaridan kelib chiqsak, yaqin oylarda jarayonlar rivojining uchta asosiy ssenariysidan biri amalga oshishi mumkin:
Birinchi ssenariy — cheklangan diplomatik yaqinlashuvda koʻrinadi. Vashington, Moskva va Kiyev Yevropa davlatlari ishtirokida harbiy harakatlar shiddatini bosqichma-bosqich pasaytirish, oʻzaro majburiyatlar va muzokaralarni davom ettirish boʻyicha kelishuvlarga erishadi. Shu bilan birga, AQSh, Rossiya va Xitoy strategik barqarorlik masalalarini alohida muhokama qila boshlaydi. Bu nisbatan maqbul variant. Chunki u Ukrainadagi tinchlik jarayoni bilan yadroviy davlatlarning global muloqotini bir-biridan ajratish imkonini beradi.
Ikkinchi ssenariy — katta geosiyosiy bitim shaklida boʻladi. AQSh va Rossiya iqtisodiy hamda siyosiy masalalar boʻyicha dastlabki kelishuvga erishib, Ukrainadagi urushni tezroq tugatishga harakat qiladi. Biroq Ukraina va Yevropa davlatlari ushbu jarayonda yetarlicha ishtirok etmasa, kelishuvning qonuniyligi, maqbulligi va amalda bajarilishi bilan bogʻliq jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin. Vositachilar uchun qulay boʻlgan bitim har doim ham urushning bevosita ishtirokchilari uchun maqbul boʻlavermaydi.
Uchinchi ssenariy — diplomatik boshi berk koʻcha va qarama-qarshilikning davom etishi tarzida boʻladi. Yaʼni, Moskva oʻzining asosiy talablaridan voz kechmaydi, Kiyev esa oʻz suverenitetiga tahdid soluvchi shartlarni rad etadi. Vashington tomonlar pozitsiyalarini yaqinlashtirishning samarali mexanizmini topa olmaydi. Natijada muzokaralar davom etsa-da, harbiy harakatlar toʻxtamaydi. Sanksiyalar siyosatida noaniqlik kuchayadi, Gʻarb ittifoqchilari oʻrtasida ishonch pasayadi va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar saqlanib qoladi.
Eng ehtimoliy yoʻnalish — qisman kelishuvlar, davriy inqirozlar va uzoq davom etadigan muzokaralar toʻlqini tarzida boʻlishi ham mmukin. Nima boʻlganda ham, yaqin istiqbolda barcha tomonlar manfaatiga mos keladigan sulh bitimiga erishish oson boʻlmaydi.
Qolaversa, uch yirik davlat rahbarlarining uchrashishi Ukrainadagi urush albatta tugashiga kafolat bermaydi. Xalqaro munosabatlar tarixi shuni koʻrsatadiki, buyuk davlatlar oʻrtasidagi kelishuvlar maʼlum muddat jahon siyosatini barqarorlashtira oladi xolos. Ammo boshqa mamlakatlarning, bu oʻrinda Ukrainaning qonuniy manfaatlari va suveren huquqlari inobatga olinmasa, bunday barqarorlik uzoq davom etmaydi. Zero, buyuk davlatning haqiqiy qudrati boshqa xalqlar taqdirini ularning istaklarini inobatga olmasdan hal qila olishi bilan emas, balki kuchlilarning xavfsizligi zaiflarning mustaqilligi hisobiga taʼminlanmaydigan xalqaro tartibni barpo etishga tayyorligi bilan belgilanadi.
Abulfayz Sayidasqarov





