Buxoro shahrida narkolaboratoriya tashkil etgan ikki shaxs ushlandi
Umumiy ogʻirligi 6 kg 650 gr boʻlgan “spays” sintetik narkotik moddasi, SIM-kartalar, respiratorlar, qoʻlqoplar, zip paketlar, elektron tarozi va koʻp miqdordagi tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida faoliyat yuritgan narkolaboratoriya fosh etildi. Bu haqda DXX Platina.uzʼga maʼlumot berdi.
Internet narkodoʻkonda “omborchi” va “kimyogar” boʻlib ishlovchi, Jondor tumanilik 27 va 29 yoshli 2 nafar fuqaro viloyat markazidagi koʻp qavatli uylardan biridagi xonadonda narkolaboratoriya tashkil qilib, sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlash hamda sotish bilan shugʻullanishgan.
Xolislar ishtirokida koʻzdan kechirish jarayonida ushbu manzildan umumiy ogʻirligi 6 kg 650 gr boʻlgan “spays” sintetik narkotik moddasi, SIM-kartalar, respiratorlar, qoʻlqoplar, zip paketlar, elektron tarozi va koʻp miqdordagi tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ular tomonidan Kogon tumanidagi xufiyona joylarga kichik boʻlaklarda yashirib qoʻyilgan jami 4 kg 200 gr “spays” moddasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi va 2761-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.





