Tarixiy xato tuzatildi: lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini takomillashtirishga oid qonun imzolandi
Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi. Qonun rasman eʼlon qilinganidan keyin 6 oy oʻtib kuchga kiradi.

Oʻzbek-lotin alifbosini takomillashtirishga doir qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
"Nihoyat, uzoq yillik tarixiy xato tuzatildi. Bugun Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladilar.
Bu yillar davomida bahslarga sabab boʻlayotgan va oxiri koʻrinmayotgan masala edi. 2023 yil 11 dekabrda jadidlar merosiga bagʻishlangan konferensiyadagi nutqimda alifboni tuzatish tashabbusini ilgari surgan holda, mazkur bahslarga nuqta qoʻyish vaqti kelganini aytgan edim.
Albatta, oʻzgarishlar oson kechmaydi, kimlardadir eʼtiroz yoki xavotir uygʻotishi ham tabiiy. Lekin, ishoning, yozuvimizdagi noqulayliklarga barham berish va tilimizning raqamli makondagi oʻrnini mustahkamlash uchun boshqa yoʻl yoʻq edi", deydi Mirziyoyeva.
Endi hamma hujjatlar yangidan qilinadimi? Yoʻq, amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlar oʻz kuchida qoladi, darslik, peshlavha va koʻrsatkichlar esa yaroqlilik muddati tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi.
" Ushbu qonunning 21 oktabr kuni qabul qilinishida chuqur ramziy maʼno bor. Tuzatilgan alifbomiz maʼrifatparvar ajdodlarimiz orzusi, yoshlarimiz savodxonligi va tilimiz mavqeini yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonaman.Barchangizni Oʻzbek tili bayrami kuni bilan tabriklayman!", deya xulosa qiladi Saida Mirziyoyeva.
Oʻzgarishlar quyidagicha:
▪️O‘ o‘ → Ö ö
▪️G‘ g‘ → Ğ ğ
▪️Sh sh → Ş ş
▪️Ch ch → Ç ç.
Qonun rasman eʼlon qilinganidan keyin 6 oy oʻtib kuchga kiradi.





