platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev til bayrami munosabati bilan tabrik yoʻlladi

Prezident oʻzbek tilidan bugungi raqamli muhitda ham toʻlaqonli foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Buning uchun sifatli matnlar va nutq namunalarini jamlash, elektron lugʻatlar, tarjima va tahrir vositalarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega.

Shavkat Mirziyoyev til bayrami munosabati bilan tabrik yoʻlladi

Prezident Oʻzbekiston xalqini 21 oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi.

"Oʻzbekiston – turli millat va elat vakillari yagona oila boʻlib, birgalikda yangi hayot va kelajak barpo etayotgan umumiy Vatanimizdir.

Oʻz tilimiz davlat tili sifatida fuqarolarimizning muloqot tiliga aylanib, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishlariga xizmat qilayotgani barchamizni albatta quvontiradi.

Ayni paytda har bir insonning ona tili va madaniy qadriyatlariga hurmat va eʼtibor – jamiyatdagi doʻstlik va hamjihatlikning muhim asosi ekanini ham biz yaxshi tushunamiz. Shu bois yurtimizda qoraqalpoq tili va boshqa tillarning rivojini qoʻllab-quvvatlash, oʻzbek tilini oʻrganish uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi ishlar oʻzaro uygʻun va bir-birini toʻldiradigan holda olib borilmoqda.

Davlat tilini bilish, hech shubhasiz, insonga yangi bilim va imkoniyatlar eshigini ochadi, ularda umumiy hayotimiz, istiqbolimiz uchun daxldorlik hissini kuchaytiradi. Bu borada oʻzbek tilini endigina oʻrgana boshlagan insonga samimiy munosabatda boʻlish, uning intilishini qoʻllab-quvvatlash ayniqsa muhimdir", deyiladi tabrikda.

Tilning hayotimizdagi oʻrni, avvalo, undan qanchalik samarali foydalanish darajasi bilan bogʻliq. Bola oʻz fikrini ravon bayon eta olsa, talaba murakkab mavzuni tushungan holda oʻrgansa, fuqaro rasmiy hujjat mazmunini osongina anglasa – til taraqqiyotining natijasi aynan shunda koʻrinadi.

Shuning uchun taʼlim sohasida asosiy eʼtiborni oʻquvchining oʻqish, tushunish, gapirish va savodli yozish koʻnikmalariga qaratishimiz kerak. Oʻzbek tilini ona tili sifatida oʻrganayotgan bola bilan uni davlat tili sifatida egallayotgan oʻquvchining ehtiyojlari oʻrtasida albatta farq bor. Darslik va oʻqitish usullarini yangilashda bu albatta hisobga olinishi lozim, deya taʼkidlaydi davlat rahbari.

Yana bir dolzarb vazifa – oʻzbek tilidan bugungi raqamli muhitda ham toʻlaqonli foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarur. Buning uchun sifatli matnlar va nutq namunalarini jamlash, elektron lugʻatlar, tarjima va tahrir vositalarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega.

Nutqni matnga, matnni ovozga aylantiradigan texnologiyalar taʼlimda, mehnat jarayonida va kundalik hayotda odamlarga qulaylik yaratishi kerak. Bunday resurslarni tayyorlashda mualliflik huquqi va shaxsiy maʼlumotlar himoyasiga oid qoidalarga amal qilinishi lozim.

"Sunʼiy intellekt vositalarining davlat tilidagi sifati ularning insonga qanchalik aniq va foydali yordam berayotgani bilan baholanadi. Yozuv va imlo masalalarida ham asosiy mezon odamlarning oʻqishi, yozishi va axborotdan foydalanishi uchun qulaylik boʻlishi kerak. Bu boradagi yechimlar ilmiy asos, jamoatchilik bilan muloqot va amaliy tayyorgarlikka tayanishi lozim. Taʼlim, nashriyotlar va raqamli tizimlarning oʻzaro muvofiqligi, turli avlodlarning ehtiyojlari puxta hisobga olinishi zarur", deya taʼkidlanadi tabrik matnida.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid