Prezident bolalarda ogʻir kasalliklarni erta aniqlash va davolashda hamkorlikni kengaytirishni taklif etdi
Islohotlar natijasida tugʻruq jarayonida onalar oʻlimi, bolalarning oʻsishdan ortda qolishi ikki barobar qisqardi, maktabgacha taʼlim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizga oshirildi, olti yoshli bolalarning qariyb 100 foizi maktabga tayyorlovga jalb etildi.

Prezident “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yoʻl” butunjahon sammiti ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi.
Davlat rahbari ushbu anjumanni tashkil etishda hamkorlik qilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning Bolalar jamgʻarmasi – YuNISEF, Jahon banki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Xalqaro ijtimoiy taʼminot uyushmasi hamda barcha hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
"Oʻzbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, maktabgacha taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy xizmatlarni oilalarga yaqinlashtirish boʻyicha islohotlarni davom ettirmoqdamiz. Nogironligi boʻlgan bolalarning taʼlimda ishtirok etishi, bolalarni zoʻravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz", deyiladi tabrikda.
Keng qamrovli islohotlar natijasida tugʻruq jarayonida onalar oʻlimi, bolalarning oʻsishdan ortda qolishi ikki barobar qisqardi, maktabgacha taʼlim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizga oshirildi, olti yoshli bolalarning qariyb 100 foizi maktabga tayyorlovga jalb etildi, oliy taʼlim bilan qamrov 5 barobar – 9 foizdan 45 foizga oshdi.
Mamlakatimizda yaratilgan oila va bola ehtiyojini barvaqt aniqlab, yordam beradigan ijtimoiy himoya tizimi orqali soʻnggi besh yilda bolalar kambagʻalligi qariyb 4 baravarga qisqardi.
Shu bilan birga keyingi ikki yildagi islohotlar orqali inklyuziv maktablar soni 5 barobar ortib, nogironligi boʻlgan bolalarning 85 foizdan ortigʻi taʼlim xizmatlariga jalb etildi.
"Qurolli mojarolar, majburiy koʻchish, iqlim oʻzgarishi va iqtisodiy qiyinchiliklar bolalar hayotiga ogʻir taʼsir koʻrsatmoqda. Har bir davlat oʻz masʼuliyatini bajarishi, xalqaro hamkorlik esa milliy imkoniyatlarni toʻldirishi zarur.
Samarqanddagi muloqotimizni quyidagi amaliy yoʻnalishlarga qaratishni taklif etaman.
Avvalo, bola hayotining ilk davridan uzluksiz koʻmakni kuchaytirishimiz kerak. Ona salomatligi, toʻgʻri ovqatlanish, erta rivojlanish va maktabgacha taʼlimni oʻzaro bogʻlash muhim. Ehtiyoj qancha erta aniqlansa, oilaga yordam shuncha oʻz vaqtida yetib boradi.
Bolalarning ogʻir kasalliklarini erta aniqlash va davolashda hamkorlikni kengaytirishni taklif qilamiz. Xususan, bolalar onkologiyasi boʻyicha mutaxassislar tajriba almashishi, tashxis imkoniyatlari va sifatli dorilardan foydalanishni yaxshilash zarur. Bolaning yashash joyi uning yordam olish imkoniyatini cheklab qoʻymasligi kerak.
Shu maqsadda Birinchi xonimlarning bolalar onkologiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz. Uning jamoatchilik va xayriya salohiyati tibbiy ekspertlar tavsiyalari, ehtiyojga asoslangan yordam hamda mablagʻlarning ochiq sarfi bilan bogʻlanishi maqsadga muvofiq. Bu hamkorlik milliy sogʻliqni saqlash tizimlari imkoniyatini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.
Yana bir ustuvor vazifa - bolalar uchun xavfsiz taʼlim va raqamli muhit yaratish. Kiberbulling, ekspluatatsiya va shaxsiy maʼlumotlardan suiisteʼmol qilishga qarshi hamkorlikni kuchaytirishimiz zarur.
Ayni paytda bolalarning bilim olishi, ijod qilishi va xavfsiz muloqot imkoniyatlarini kengaytirishimiz kerak. Buning uchun bolalarga ham, ota-onalar va pedagoglarga ham raqamli savodxonlik boʻyicha amaliy koʻmak lozim.
Bolalar ishtirokini qarorlarimizning ajralmas qismiga aylantirishni ham taklif etamiz. Ular uchun yaratilayotgan xizmatlar haqida oʻzlarining fikrini eshitishimiz kerak. Bunday ishtirok bolaning yoshiga mos, ixtiyoriy va xavfsiz tashkil etilishi lozim.
Ushbu yoʻnalishlarda hamkorlikni davom ettirish uchun Samarqand platformasini amaliy muloqot mexanizmi sifatida shakllantirishdan manfaatdormiz. U mavjud tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali tajribalarni almashish, ixtiyoriy qoʻshma loyihalarni tayyorlash va natijalarni muhokama qilishga xizmat qilishi mumkin", deya taʼkidlaydi prezident.





