Oʻzbek tilining mavqei: taraqqiyot, muammo va tahdidlar
Oʻzbek xalqining til va madaniy birligini saqlash yoʻlidagi jiddiy muammolardan biri — turli mamlakatlarda istiqomat qilayotgan oʻzbeklar uchun umumiy qabul qilingan yagona yozuv standartining mavjud emasligidir. Bugungi kunda Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya va boshqa davlatlarda yashovchi oʻzbeklar umumiy til va madaniy makonga mansub boʻlsalar-da, ayni bir tilni yozma shaklda ifodalash uchun turli alifbolardan foydalanmoqdalar.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio shu kunlarda Oʻzbekistonda uchrashuv hamda muzokaralar oʻtkazmoqda. Uning siyosiy va iqtisodiy missiyasi alohida mavzu. Ammo u Samarqandda jurnalistlar bilan muloqot chogʻida suhbatdoshidan oʻzbek tilida gaplasha olasizmi, deb soʻragani millat va tilga eʼtiborsiz boʻlmagan har qanday odamni oʻyga toldiradi.
Marko Rubio suhbatdoshi faqat rus tilida gapira olishini bilgach, “hozir bu rasmiy til emas, lekin koʻpchilik shu tilda gaplashadi, buni tushunaman”, deya munosabat bildirdi.
Bu shunchaki bir hodisa emas, bu oʻzbek tilining maqomi hatto titul millat yashovchi Oʻzbekistonda ham eʼtibor qaratish kerak boʻlgan muammo ekani haqida xavotirli signal.
Millat omon qolishi va oʻzligini saqlashining asosiy omili
Oʻzbekistonda oʻzbeku tili bayrami xuddi 8 mart bayramida ayollarga bir kunlik alohida eʼtiborga oʻxshaydi: bir yilda bir marta eslanib, tadbirlar oʻtkaziladi, talaba qizlar hozir hech kim kiymay qoʻygan (aslida raqqosalar uchun zamonaviy dizaynerlar oʻylab topgan) “milliy” kiyimlarda chiqib, oʻzlari tushunmaydigan Alisher Navoiy gʻazallarini aruz qoidalarini buzgan holda oʻqib berishadi. Tantanali nutqlar soʻzlanadi, ajdodlarga madh aytiladi, 1-2 ta qarorlar chiqariladi. OAVda “tilga eʼtibor – elga eʼtibor” qabilidagi materiallar eʼlon qilish kampaniyasi boshlanadi. Oʻtgan yili chiqqan maqola yoki koʻrsatuvni sal zamonga moslab, sanalarini oʻzgartirib, qayta berib yuborsa ham boʻlaveradi, baribir ertaga hech kim koʻrmaydi va oʻqimaydi. Boʻldi, shu bilan xuddi yoqimsiz, ammo shart amalni bajarib, xuddi bir ishni qoyil qilgandek, ajdodlar oldidagi majburiyatimizni bajargandek yengil tin olamiz. Shu tarzda 22 oktabrdan boshlab, bu mavzu yana 1 yilga sandiqqa tashlab qoʻyiladi...
Afsuski, ona tilimiz xuddi ogʻir kasalga chalinib, uzoq yillardan beri oʻla olmay yotgan onaga oʻxshaydi: qudratli oʻgay ona (aytaylik, rus tili) deyarli bir asrdan beri allaqachon uyda xoʻjayin. Keksa va kasal onaning hayotimizga taʼsiri deyarli yoʻq, ortiqcha tashvish xolos. Oʻzi oʻlib-oʻlmaydi, oʻldirib yuborish ham noqulay – “odamlar” gapiradi. Ammo jonlantirib yashartirish ham mushkul, bunga kuchi yetadigan shaxslar bundan manfaatdor emas! Oʻgay ona esa tuqqan onaning tamomila oʻlishi uchun hamma choralarni koʻrishda davom etmoqda...
Xoʻsh, nega tilimizga eʼtibor doim 21 oktabrda esimizga tushib qoladi? Nega ziyolilar doim til mavzusiga qaytaverishadi. Xoʻsh, rus yoki xitoy tilida gapirishga oʻtsak, biror joyimiz kamayib qoladimi? Ana shuncha amaldor va zodagonlar oʻzbek tilini yaxshi bilmasa ham xalqni ortidan ergashtirib yuribdiku?
Millat identifikatsiyasining asosiy belgisi
Dunyoda millatlar va elatlar koʻp. Tillar ham koʻp. Ularning ayrimlari jahon tillari maqomida boʻlib. BMT ish yurtishi tillari hisoblanadi. Ayrimlari davlat tili maqomida, ayrimlari esa yoʻqolib ketmoqda. Eng qizigʻi, biror millatning millat sifatida saqlanib qolishi uning tili holatiga bogʻliq. Masalan, AQShga qul sifatida olib kelingan afrikaliklar oʻz tillarini yoʻqotgach, millat sifatida ham oʻzligini yoʻqotishgan. Hozir ularning avlodlari shunchaki “afroamerikalik” deyiladi.
Yoki Rossiyada deyarli 3 asrdan beri ruslardan boshqa millatlarning tillari maqsadlari ravishda yoʻq qilinmoqda. Bir paytlari yuz minglab boʻlgan millatlar hozir 5-10 ming atrofida qolgan. Xalq qirib yuborilmagan, shunchaki ularning tili va dini rus tili va pravoslav dini bilan almashtirilgan.
Natijada kichik millatlar goʻyoki ulkan qozonda erib, asosiy xalq bilan aralashib ketgan.
Tataristonda ham 2017 yilda tatar tilini maktablarda majburiy oʻqitish toʻxtatildi. Rossiya prokuraturasi tatar tilini maktablarda oʻqitishini qonunga zid deb topdi.
Lekin rus tilini mamlakat ichida va dunyoda targʻibot etishga Moskva alohida eʼtibor qaratadi. Rossiya prezidenti tomonidan 2015 yil 3 noyabrda tasdiqlangan, (№ Pr-2283)
“Davlat tomonidan rus tilini xorijda qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilish konsepsiyasi”ning 4-bandida rus tilini tarqatish Rossiyaning tashqi siyosiy manfaatlarini amalga oshirish vositalaridan biri sifatida koʻrsatilgan. 21-bandda esa MDH mamlakatlarida rus tilining mavqeini mustahkamlash, uni oʻqitish dasturlarini ishlab chiqish va oʻqituvchilar malakasini oshirish belgilangan. Rossotrudnichestva ayniqa postsovet davlatlarida rus tilini oʻrgatish uchun muttasil loyihalar amalga oshiradi. 2026 yil 6 iyunda Rossiya Taʼlim vazirligi rus tili va Rossiya taʼlimini xorijda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotganini maʼlum qilgan.
Rossiya byudjetida «Podderjka i prodvijeniye russkogo yazыka za rubejom» nomli alohida davlat dasturi koʻrsatilgan boʻlib, 2025 yil uchun mazkur dasturga taxminan 1,78 milliard rubl ajratish nazarda tutilgan.
Postsovet davlatlarining deyarli hammasida rus tilida taʼlim beriluvchi maktablar va OOʻYulari mavjud. Lekin Rossiyaning oʻzida faqat va faqat rus tilida taʼlim beriladi. Hattoki Oʻzbekiston prezidenti maslahatchisi Qahramon Quronboyev Rossiyada oʻzbek diasporasi mablagʻlari hisobidan xususiy maktab va bogʻchalar ochishga koʻmaklashishni soʻraganida Rossiya Dumasi buni qatʼiyan rad etdi.
Yoki boʻlmasa Xitoyda uygʻurlarni xitoylashtirish uchun avval tilidan mahrum qilindi.
Uygʻurlar hatto koʻchada oʻzaro va oʻz uyida ham faqat xitoycha gapiriishga majburlanmoqda.
Nega shunday qilinadi? Chunki bola qaysi tilni oʻz ona (!) tilisi deb qabul qilsa, oʻzini shu xalqqa mansub deb hisoblaydi va shu xalqqa xizmat qiladi. Rossiya va boshqa davlatlar avvalo oʻz tilini boshqa xalqalarga tiqishtirish orqali shu hududlarda “yumshoq kuch”ga ega boʻladi, oʻz manfaatlarini ilgari surish uchun zamin tayyorlaydi. Masalan, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi uchun bahonalaridan biri – “rus tilida soʻzlashuvlarning huquqlarini himoya qilish” boʻldi. Bu ham tafakkurga chorlovchi misol. Xullas, til - madaniy va milliy identifikatsiyasining asosiy markeri hisoblanadi.
Endi yana Marko Rubio kesatigʻiga qaytsak. Nega bizdagi manqurtlar hamon oʻzbek tiliga eʼtiborsizlik, hattoki jirkanish va qashshoq xalq tili sifatida qaraydi? Rus tilida gapirishni madaniyat va savodxonlik belgisi deb hisoblaydi?
Gap shundaki, biror xalq boshqa xalqni bosib olsa, avval magʻlub xalq qarshilik qiladi. Ammo propaganda va tarbiya taʼsirida vatqlar oʻtib oʻz qulligiga koʻnikadi. Hatto uni bosib olgan agressor xalqqa havas qiladi, unga oʻxshashga intiladi. Bu nafaqat bosqinchi xalq tilini oʻrganish, balki tashqi koʻrninishda ham taqlidga olib keladi. Masalan, Rossiyadagi ozchilik (aslida tubjoy) millatlar yoqut, chukcha, saxa va boshqa xalqlarning qizlari orasida qisiq koʻz qovogʻini operatsiya qilib ochish (blefoplastika) – hamda burunni “toʻgʻrilash” (“yevropalashtirish”) amaliyotlari keng tarqalgan. Yoki sochlarini sariqqa boʻyab, koʻziga moviy yoki yashil rang beruvchi linza taqib yurishga initilish ham shunday havas va taqlid natijasidir.
Shuningdek, Rossiyada kichik xalq ayollari orasida ruslarga erga tegish ham keng tarqalgan. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasi tadqiqotlariga koʻra, Amurning quyi oqimi va Saxalinda yashovchi ayrim tubjoy xalqlar orasida XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab aralash nikohlar ustunlik qila boshlagan. Bunday nikohlar ayollar orasida nisbatan koʻproq uchragan. 2021 yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga asoslangan tadqiqotga koʻra, Komi Respublikasida turmush qurgan komi ayollarining 29,3 foizining eri rus millatiga mansub boʻlgan.Toʻgʻri, millatlararo nikohlar tabiiy ijtimoiy jarayon boʻlib, ularning oʻzi milliy oʻzlikning yoʻqolishini anglatmaydi. Biroq farzandlar qaysi tilda tarbiyalanishi, oilada qaysi til ustunlik qilishi va milliy madaniy muhitning saqlanishi kabi omillar keyingi avlodlarning til va etnik oʻzligini shakllantirishga taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Bundan tashqari, har qanday bosqinchi xalq propagandasi ham magʻlub xalqning qarshilik kuchini taʼminlovchi qadriyatlar (til, din va madaniyat) ustidan kulish, ularni zararli deb eʼlon qilishga intiladi. Natijada magʻlub halq oʻz qadriyatlaridan uyaladi. Bosqinchi xalq tilida gapirishni madaniyat va savodxonlik belgisi deb hisoblaydi. Xuddi qul oʻz xoʻjayini uyida ishlatilgan togʻorada kir yuvsa, oʻzini oliy toifaga sal boʻlsada yaqinroq keldim, deb hisoblaganidek. Shu bois, gapiga ruscha soʻzlar aralashtirib gapiradiganlar ham ongostida shunga intiladi.
Xullas, koʻpincha Karl Marksga mansub deb hisoblanuvchi bir hikmat bor: “Oʻzi yashayotgan mamlakatning tilini bilmaslik faqat mehmonga, ahmoqqa yoki oʻz tilini majburan singdirayotgan bosqinchiga xos boʻlishi mumkin”.
Davlat tili maqomi: qonun va amaliyot
1989 yil 21 oktabrda qabul qilingan «Davlat tili haqida»gi qonun oʻzbek tili taraqqiyotida tarixiy burilish yasadi. 1995 yil 21 dekabrda qonun yangi tahrirda qabul qilindi.
2023 yilda yangilangan Konstitutsiyaning 4-moddasi oʻzbek tilining davlat tili ekanini belgilab, boshqa millatlar tillarini hurmat qilishni kafolatladi.
2020 yil 10 apreldagi qonun bilan 21 oktabr Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Shuningdek, 2019 yilgi Prezident farmoni va 2020–2030 yillarga moʻljallangan konsepsiya davlat tilini boshqaruv, ilm-fan va raqamli texnologiyalarda rivojlantirish vazifalarini belgiladi. Biroq tilning huquqiy maqomi uning barcha sohalarda ustuvor qoʻllanilishini anglatmaydi. Haqiqiy mavqe davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot, oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlardagi amaliy ishtiroki bilan belgilanadi.
Oʻzbek tilida qancha kishi soʻzlashadi?
Oʻzbek tili turkiy tillarning qarluq tarmogʻiga mansub. Uning adabiy taraqqiyotida Mahmud Koshgʻariy, Alisher Navoiy, Lutfiy va Bobur merosi muhim oʻrin tutadi. Bugun oʻzbek tili Oʻzbekistondan tashqari Afgʻoniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston va boshqa mamlakatlarda qoʻllaniladi. Indiana universiteti va Fransiyaning INALCO instituti maʼlumotlarida oʻzbek tilida 35 milliondan ortiq kishi soʻzlashishi qayd etilgan. Biroq 2026 yilgi demografik maʼlumotlar uning tarqalish koʻlami ancha kengroq ekanini koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston: 35,7 million kishi uchun ona tili
2026 yil 15 yanvar — 28 fevral kunlari oʻtkazilgan aholini roʻyxatga olishning dastlabki natijalariga koʻra, Oʻzbekiston aholisi 39 047 321 kishi boʻlib (2026 yil 1 oktabr holatiga koʻra - 39 million 535 ming 225 kishi, oʻzbek tilini ona tili deb koʻrsatganlar — 35,7 million kishini (91,3 foizni) tashkil etgan. Etnik oʻzbeklar soni esa 34,9 million kishi (89,4 foiz). Demak, oʻzbek tilini ona tili deb biluvchilar etnik oʻzbeklar sonidan taxminan 800 ming nafarga koʻp. Bu tilning millatlararo muloqotdagi ahamiyatini ham koʻrsatadi.
Markaziy Osiyodagi oʻzbekzabon aholi
Tojikistonda 2020 yilgi aholi roʻyxatiga koʻra, 1 091 200 nafar etnik oʻzbek yashagan. Bu aholining 11,3 foizidir. Biroq ushbu raqam oʻzbek tilini ona tili deb biluvchilarning aniq sonini bildirmaydi. Soʻgʻd (Xoʻjand), Xatlon, Dushanbe va boshqa hududlarda oʻzbeklar koʻpligi ustiga, tojiklar ham oʻzbek tilida bemalol gaplasha oladi.
Qolaversa, 1989 yilgi sovet davri aholi roʻyxatida oʻzbeklar ulushi 23,5 foiz boʻlgan. Bu mustaqillikdan oldingi koʻrsatkich. Keyingi roʻyxatlarda ulush 2000 yilda 15,3–16,5 foiz atrofida, 2010 yilda 12,2 foiz va 2020 yilda 11,3 foiz deb berilgan. Ayrim manbalarda 2000 yil uchun raqamlar farq qilishi tasnif va hisoblash usullariga bogʻliq boʻlishi mumkin.
Lekin prezident Imomali Rahmon davrida mamlakatda oʻzbekcha geografik nomlarni yoppasiga tojiklashtirish bilan birga, statistik maʼlumotlarda oʻzbeklarning urugʻlari (laqay, muso, qipchoq va hokazo) ham alohida millat sifatida hisoblangan. Natijada oʻzbeklar soni 10 foiz atrofida kamaytirib koʻrsatila boshlandi.
Shuningdek, oʻzbek millatiga mansub aholi davlat vazifalarida ishlash uchun imkoniyatni oshirish maqsadida oʻzbekligini yashirish va hatto pasportidagi “millati” grafasiga tojik deb yozdirishga ham majbur boʻlayotgani haqida maʼlumotlar mavjud.
Masalan, 2024 yilgi Minority Rights Group hisobotida yozimlishicha, ijtiomiy soʻrovda qatnashgan oʻzbek respondentlardan biri doʻsti davlat lavozimida muvaffaqiyat qozonish uchun oʻz etnik mansubligini oʻzbekdan tojikka oʻzgartirganini aytgani qayd etilgan. Hisobotda aralash tojik-oʻzbek oilasidan boʻlgan bir ayol ham ish joyidagi salbiy munosabatlardan keyin hujjatlarida oʻzini tojik deb koʻrsatishga majbur boʻlganini bildirgan. Bu holatlar hisobotning ijtimoiy-iqtisodiy ishtirokka bagʻishlangan hujjatning 6-boʻlimida keltirilgan.
IWPR maqolasida ham davlat idoralarida ishlash va lavozimda koʻtarilishda oʻzbeklarga nisbatan toʻsiqlar haqidagi guvohliklar, shuningdek, ayrim kishilarning hujjatlardagi etnik mansubligini tojikka oʻzgartirishga urinishlari bayon qilingan.
Tojikistonda oʻzbek tilida taʼlim nega qisqargan?
Tojikistonda oʻzbeklar eng yirik milliy ozchilik hisoblanadi. 2020 yilgi aholi roʻyxatiga koʻra, ular mamlakat aholisining 11 foizidan ortigʻini tashkil etgan.
Tojikiston Konstitutsiyasining 2-moddasi barcha millatlarning ona tilidan foydalanish huquqini kafolatlaydi. Biroq davlat tili tojik tili, millatlararo muloqot tili esa rus tili hisoblanadi. Muammo huquqiy kafolatlar bilan amaliyot oʻrtasidagi tafovutda koʻrinadi.
BMTning 2024 yilgi hisobotiga koʻra, 2011–2021 yillar davomida
oʻzbek tilida taʼlim oluvchilar va sinflar soni 2 baravarga qisqargan.
Bu holatning asosiy bahonasi sifatida tojik tilining taʼlim va mehnat bozoridagi ustunligi, oʻzbekcha darsliklar hamda malakali pedagoglar yetishmasligi koʻrsatiladi.
Oliy taʼlimga kirish imtihonlarining asosan tojik va rus tillarida oʻtkazilishi ham oʻzbek maktablari bitiruvchilariga qoʻshimcha qiyinchilik tugʻdiradi.
BMT maxsus maʼruzachisi oʻzbek tilidan davlat xizmatlari va sogʻliqni saqlash sohalarida foydalanish imkoniyatlari cheklanganini ham qayd etgan.
Biroq vaziyatda ijobiy oʻzgarishlar ham bor. 2026 yil 13 martda Dushanbe shahrida Oʻzbek tili va madaniyati markazini tashkil etish boʻyicha universitetlararo kelishuv imzolandi. 14 avgustda esa Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Tursunzoda shahrida oʻzbek tilida taʼlim beradigan muassasalar qurish va ularni darsliklar bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq berdi.
Bu tashabbuslarning haqiqiy samarasi oʻzbek tilida taʼlim oluvchilar soni, darsliklar sifati va ona tilidan foydalanish imkoniyatlari kengayishi bilan baholanishi kerak.
Qirgʻizistonda 2022 yilgi roʻyxat maʼlumotlari asosida oʻzbek tilini ona tili deb koʻrsatganlar soni 884 830 nafar, yaʼni aholining 12,8 foizi ekani hisoblangan. Etnik oʻzbeklar soni esa 999 300 nafar atrofida boʻlgan.
Qozogʻistonda 2026 yil boshida mamlakatda 695 557 nafar etnik oʻzbek istiqomat qilgan. Ular asosan Turkiston viloyati va Shimkent shahrida yashaydi. Bu raqamni oʻzbek tilida soʻzlashuvchilarning aniq soni bilan tenglashtirib boʻlmaydi.
Turkmaniston. 2022 yilgi aholi roʻyxatiga koʻra, mamlakatda 642 476 nafar etnik oʻzbek yashagan, ammo 478 212 kishi oʻzbek tilini ona tili sifatida koʻrsatgan. Bu milliy mansublik bilan til bir xil tushuncha emasligini tasdiqlaydi.
Afgʻoniston: bir necha million oʻzbek
Afgʻoniston oʻzbek tili keng tarqalgan mamlakatlardan biridir. Oʻzbekzabon aholi asosan Faryob, Juzjon, Saripul, Balx, Taxor va Qunduz viloyatlarida yashaydi. AQShning World Factbook maʼlumotlari boʻyicha, 2020 yilgi baholashda mamlakat aholisining 11 foizi oʻzbek tilida soʻzlashishi qayd etilgan. Jahon banki maʼlumotiga koʻra, Afgʻoniston aholisi 2025 yilda 43,8 million kishini tashkil etgan.
Avvalgi 11 foizlik ulushni shartli qoʻllaganda, taxminan 4,8 million oʻzbek tilida soʻzlashuvchi hosil boʻladi. Biroq bu yangi aholi roʻyxati natijasi emas, balki taxminiy hisobdir.
Afgʻoniston: oʻzbek tilining huquqiy maqomi zaiflashdimi?
Afgʻonistonda oʻzbek tili bilan bogʻliq vaziyat yanada murakkab. 2004 yilgi Konstitutsiyaning 16-moddasi oʻzbek tiliga aholining aksariyati shu tilda soʻzlashadigan hududlarda uchinchi rasmiy til maqomini bergan edi. 2021 yil 15 avgustda toliblar hokimiyatga qaytgach, ushbu huquqiy tizim oʻzgardi. Yevropa Ittifoqining Boshpana masalalari agentligi 2026 yil fevralida Afgʻonistonda yangi konstitutsiya qabul qilinmagani va mamlakat asosan farmonlar orqali boshqarilayotganini qayd etdi.
Shu sababli oʻzbek tilining avvalgi hududiy rasmiy maqomiga doir konstitutsiyaviy kafolatlar amalda oʻz kuchini yoʻqotgan. 2021 yilda toliblar oʻzbek tilini maktab dasturlaridan chiqargani haqida xabarlar tarqalgan. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa afgʻon tomoni bilan muloqotdan soʻng bu xabarlarni rad etgan.
Biroq keyingi yillarda cheklovlar haqidagi shikoyatlar davom etdi.
BMT maʼlumotlariga tayangan EUAA hisobotida oʻzbek jamoasi vakillari ona tili rasmiy oʻquv dasturlaridan chiqarilgani haqida shikoyat qilgani qayd etilgan. Bu mamlakat boʻylab toʻliq taqiq mavjudligini isbotlamasa-da, taʼlimdagi muammolardan dalolat beradi.
2024 yil oktabrda Amu TV toliblar hukumati oʻzbek tili kuniga yetarli eʼtibor qaratmagani va milliy-madaniy faollar tilning qoʻllab-quvvatlanmayotganidan norozi ekanini xabar qildi.
2025 yil 23 oktabrda Human Rights Watch toliblar jurnalistlardan materiallarni asosan pushtu tilida tayyorlashni talab qilayotgani, oʻzbek tili kabi ozchilik tillaridagi ommaviy axborot vositalari esa deyarli mavjud emasligini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, qizlarning oltinchi sinfdan keyingi va ayollarning universitetdagi taʼlimiga qoʻyilgan taqiqlar oʻzbekzabon jamoalarga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Bu kelajakda oʻzbek tilida ishlaydigan pedagoglar, jurnalistlar va tadqiqotchilar tayyorlash imkoniyatlarini cheklaydi.
Dunyo boʻyicha umumiy koʻrsatkich
Mavjud maʼlumotlarni birlashtirganda, Markaziy Osiyoning besh davlatida taxminan 38,8–39 million kishidan iborat demografik koʻrsatkich hosil boʻladi. Afgʻoniston qoʻshilganda esa u 43–44 millionga yetadi.
Rossiya, Turkiya, Xitoy, Yevropa va AQShdagi oʻzbekzabon jamoalarni ham hisobga olganda, dunyo boʻyicha 44–50 million atrofida kishi oʻzbek tilida soʻzlashishi mumkin. Biroq bu yagona xalqaro metodologiya asosida tasdiqlangan statistika emas. Hisobda turli yillardagi ona tili, etnik mansublik va taxminiy soʻzlashuvchilar haqidagi maʼlumotlar birlashtirilgan. Shuning uchun oʻzbek tilining jahondagi mavqeini faqat soʻzlashuvchilar soni bilan baholash yetarli emas.
Oʻzbekistondan tashqarida yashovchi oʻzbeklar uchun yagona yozuv standartining mavjud emasligi muammosi
Oʻzbek xalqining til va madaniy birligini saqlash yoʻlidagi jiddiy muammolardan biri — turli mamlakatlarda istiqomat qilayotgan oʻzbeklar uchun umumiy qabul qilingan yagona yozuv standartining mavjud emasligidir. Bugungi kunda Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya va boshqa davlatlarda yashovchi oʻzbeklar umumiy til va madaniy makonga mansub boʻlsalar-da, ayni bir tilni yozma shaklda ifodalash uchun turli alifbolardan foydalanmoqdalar.
Tarixan bu holat yozuv tizimining bir necha bor oʻzgartirilishi hamda oʻzbekzabon aholining davlat chegaralari bilan ajralib qolishi natijasida yuzaga kelgan. Asrlar davomida mintaqaning yozma adabiy anʼanalari arab grafikasi asosida rivojlangan.
1929 yilda Sovet Oʻzbekistonida lotin alifbosiga oʻtish boshlangan boʻlsa, 1940 yilda kirill yozuvi joriy etildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1993 yilda lotin grafikasiga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtish qonun bilan belgilab qoʻyildi.
Keyinchalik ushbu alifbo bir necha bor isloh qilindi. Biroq Oʻzbekiston hududida amalga oshirilgan yozuv islohotlari qoʻshni davlatlarda yashovchi oʻzbek jamoalarining yagona standartga muvofiq oʻtishi bilan birgalikda kechmadi.
Natijada oʻzbek tilida uchta asosiy yozuv anʼanasi shakllandi: Oʻzbekistonda — rasmiy yozuv lotin grafikasiga asoslangan boʻlsa-da, kirill yozuvidan ham hanuz keng foydalaniladi.
Tojikiston va Qirgʻizistonda — ayniqsa, taʼlim sohasida va katta avlod vakillari orasida oʻzbek tilining kirill yozuviga asoslangan anʼanasi saqlanib qolgan.
Afgʻonistonda — oʻzbek tili arab-fors grafikasi asosida yoziladi. Ushbu yozuv badiiy adabiyot, ommaviy axborot vositalari va taʼlim materiallarida qoʻllaniladi.
Boshqa mamlakatlarda esa qaysi alifbodan foydalanish mahalliy anʼanalar, avlodlar oʻrtasidagi farq, taʼlim darajasi va axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatlariga bogʻliq. Shunday qilib, bugungi kunda oʻzbek tili bir vaqtning oʻzida bir necha yozuv tizimida mavjud boʻlib, ular oʻrtasida imlo qoidalari, oʻquv adabiyotlari va raqamli resurslarni muvofiqlashtiruvchi umumeʼtirof etilgan yagona mexanizm shakllanmagan.
Til va madaniy birlikka taʼsiri
Yozuvdagi tafovutlar bir xalqning turli xalqlarga aylanib ketganini anglatmaydi va oʻz-oʻzidan milliy oʻzlikning yoʻqolishiga olib kelmaydi. Biroq ular madaniy aloqalar va oʻzaro muloqot uchun qoʻshimcha toʻsiqlar yaratadi. Masalan, Afgʻoniston shimolida yashovchi va faqat arab grafikasida savod chiqargan oʻzbek oʻquvchisi Oʻzbekistonda lotin alifbosida nashr etilgan zamonaviy darsliklardan maxsus tayyorgarliksiz foydalana olmaydi. Xuddi shunday qiyinchiliklarga Tojikiston va Qirgʻizistonda kirill alifbosida taʼlim olgan oʻzbeklar ham duch kelishi mumkin.
Natijada oʻzbekzabon aholining bir qismi uchun yaratilgan badiiy adabiyot, ilmiy nashrlar, darsliklar va elektron resurslar boshqa hududlarda yashovchi oʻzbeklar uchun toʻliq foydalanishga qulay boʻlmay qoladi. Bu holat, ayniqsa, taʼlim sohasida jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Yagona muvofiqlashtirilgan yozuv standartlarining mavjud emasligi darsliklar almashinuvini, qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqishni va masofaviy taʼlimni rivojlantirishni qiyinlashtiradi.
Oʻquv materiallarini nafaqat turli mamlakatlarning taʼlim dasturlariga, balki ularda qoʻllaniladigan alifbolarga ham moslashtirish zarurati tugʻiladi. Muammo raqamli muhitda ham oʻz aksini topmoqda. Bir soʻzning turli alifbolarda har xil yozilishi elektron qidiruv tizimlari, umumiy til korpuslari, lugʻatlar, avtomatik tarjima vositalari hamda oʻzbek tiliga moslashtirilgan sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqishni murakkablashtiradi.
Uzoq muddatli istiqbolda bunday toʻsiqlar turli davlatlarda yashovchi oʻzbek jamoalarining yozma adabiy anʼanalari bir-biridan tobora uzoqlashib borishiga sabab boʻlishi mumkin.
Til siyosati faqat Oʻzbekiston bilan cheklanib qolmasligi kerak
Oʻzbekiston oʻzbek yozuvini isloh qilish siyosatini, avvalo, oʻz davlat hududi va huquqiy vakolatlari doirasida amalga oshiradi. Biroq oʻzbek tili faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga emas, balki mamlakat tashqarisidagi millionlab oʻzbeklarning ham umumiy madaniy merosiga mansubdir.
2026 yil sentabr oyida Oʻzbekiston Senati tomonidan maʼqullangan oʻzbek alifbosiga oʻzgartirishlar kiritish tashabbusi bunga misol boʻla oladi. Unda O‘ va G‘ harflarini Ö va Ğ, shuningdek, Sh va Ch birikmalarini Ş va Ç shaklida ifodalash nazarda tutilgan.
Bunday oʻzgarishlar mamlakat ichidagi yozma muloqotni soddalashtirishi mumkin. Ammo xorijdagi oʻzbekzabon jamoalar bilan yetarlicha muvofiqlashtirilmagan holda amalga oshirilsa, ular mavjud yozuv anʼanalari oʻrtasidagi tafovutni yanada kuchaytirishi ehtimoldan xoli emas.
Shu bilan birga, yagona til makonini shakllantirish tarixan qaror topgan barcha alifbolardan butunlay voz kechishni anglatmasligi kerak.
Arab grafikasi Afgʻoniston oʻzbeklarining adabiy va tarixiy merosida muhim oʻrin tutadi. Kirill yozuvi esa postsovet davlatlarda yashovchi koʻplab oʻzbek jamoalari uchun hamon amaliy va madaniy ahamiyatga ega.
Shu bois muammoni hal etishning maqbulroq yoʻli oʻzbek yozuvining turli shakllarini oʻzaro muvofiqlashtirish va yagona standartlashtirish tamoyillarini ishlab chiqish boʻlishi mumkin.
Buning uchun quyidagi yoʻnalishlarda ishlar olib borish maqsadga muvofiq:
1. Turli mamlakatlardagi oʻzbekzabon mutaxassislar ishtirokida umumiy imlo va atamashunoslik tamoyillarini muvofiqlashtirish.
2. Lotin, kirill va arab grafikalari oʻrtasida aniq transliteratsiyani taʼminlovchi, barcha uchun ochiq elektron vositalarni yaratish.
3. Darsliklar, elektron kutubxonalar va lugʻatlarni bir necha yozuv shaklida tayyorlash.
4. Turli davlatlarda faoliyat yuritayotgan oʻzbekzabon olimlar, oʻqituvchilar va madaniy tashkilotlar oʻrtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
5. Xorijdagi oʻzbek jamoalari uchun taʼlim loyihalarini ular istiqomat qilayotgan davlatlarning qonunchiligiga rioya qilgan holda qoʻllab-quvvatlash.
Shu maʼnoda oʻzbek yozuvini standartlashtirish masalasiga oddiy imlo muammosi sifatida emas, balki oʻzbek xalqining madaniy uzviyligini saqlash, umumiy axborot makonini rivojlantirish va davlat chegaralaridan tashqaridagi til hamkorligini mustahkamlashning muhim yoʻnalishi sifatida qarash lozim.
Oʻzbek tilining xalqaro nufuzi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida, 2023 yilda esa 78-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlashi tilning xalqaro koʻrinishini kuchaytirdi. Biroq oʻzbek tili BMTning oltita rasmiy tili qatoriga kirmaydi. Xalqaro mavqening yana bir muhim mezoni — xorijiy universitetlarda oʻzbek tili oʻqitilishidir. 2019 yilda Prezident oʻzbek tili qariyb 60 ta xorijiy universitet va 100 dan ortiq maktabda oʻrganilayotganini maʼlum qilgan.
2020 yil 20 oktabrdagi PF-6084-sonli farmonda xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tilini oʻrgatuvchi 17 ta markaz mavjudligi qayd etilgan. Ularning sonini 2030 yilgacha 60 taga yetkazish vazifasi belgilangan. Biroq ushbu koʻrsatkichlarni muntazam tasdiqlab boradigan yagona ochiq xalqaro reyestr mavjud emas.
Xorijiy universitetlarda oʻzbek tili qanday oʻqitilmoqda?
Oʻzbek tili AQSh, Yevropa, Sharqiy Osiyo va Turkiyaning bir qator universitetlarida oʻrganilmoqda. Ammo taʼlim shakllari turlicha: ayrim muassasalarda mustaqil ixtisoslashgan dasturlar, boshqalarida tanlov fanlari yoki qisqa muddatli kurslar mavjud.
AQSh
Indiana universiteti oʻzbek tilini oʻqitish boʻyicha shakllangan akademik markazlardan biri. Bu yerda tilni boshlangʻich, oʻrta va yuqori bosqichlarda oʻrganish mumkin. Taʼlim faoliyati kamida 2005 yildan buyon davom etmoqda. 2026–2027 oʻquv yili rejalarida ham oʻzbek tili kurslari nazarda tutilgan. Chikago universitetida 2026–2027 oʻquv yili uchun qozoq va oʻzbek tillarini birgalikda oʻqitish kursi rejalashtirilgan.
Viskonsin–Medison universitetida oʻzbek tili turli yillarda yozgi dasturlar orqali oʻqitilgan, ammo 2026 yilgi kurslar roʻyxatiga kiritilmagan.
Kolumbiya universiteti katalogida ham oʻzbek tili mavjud. Vashington universitetida esa oʻzbek tili va adabiyotining oʻqitilishi 1989 yilgi manbalardayoq qayd etilgan. Biroq tarixiy maʼlumotlar mazkur kurslar hozir ham muntazam faoliyat yuritayotganini anglatmaydi.
Yevropa
Fransiyaning INALCO institutida oʻzbek tili boʻyicha ikkita tanlov kursi mavjud. Ular til grammatikasi, lugʻat tarkibi va muloqot asoslarini oʻrgatishga qaratilgan.
Buyuk Britaniyaning Oksford universitetida 2025 yil 30 yanvarda oʻzbek tiliga kirish kursi boshlangan. Mashgʻulotlar Oxford Birsoz Initiative tashabbusi doirasida tashkil etilgan. Biroq bu mustaqil diplom beruvchi mutaxassislik emas.
Germaniyaning Gumboldt universitetida 2025 yil yozgi semestrida oʻzbek tili kurslari oʻtilgan. Avstriyaning Vena universiteti Tillar markazi katalogiga ham oʻzbek tili kiritilgan.
Janubiy Koreyaning Xanguk xorijiy tillar universitetida 2004 yilda Markaziy Osiyo tillari kafedrasi tashkil etilgan, 2008 yilda oʻzbek tili oʻquv dasturi ochilgan. Bu Janubiy Koreyada oʻzbek tili akademik jihatdan oʻrganilayotganini koʻrsatadi.
Xitoy
Xitoyda oʻzbek tili boʻyicha ixtisoslashgan dasturlar tashkil etilgan. Pekin xorijiy tillar universitetida 2017 yilda rus va oʻzbek tillarini birgalikda oʻrganishga asoslangan bakalavriat dasturiga dastlabki talabalar qabul qilingan. Shanxay xorijiy tillar universitetida 2018 yil sentabrda oʻzbek tili mutaxassisligi ochilgan. Toʻrt yillik bakalavriat dasturiga dastlab 11 nafar talaba qabul qilinib, ikki nafar oʻqituvchi biriktirilgan. Pekin universiteti va Xitoy markaziy millatlar universitetida ham oʻzbek tiliga oid taʼlim faoliyati 2024 yilgi maʼlumotlarda qayd etilgan.
Yaponiya va Turkiya
Yaponiyaning Tokio xorijiy tillar universitetida oʻzbek tili oʻqitilmoqda. 2025 yil oktabrda talabalar ishtirokida oʻzbek tili va madaniyatiga bagʻishlangan mashgʻulot oʻtkazilgan.
Turkiyada esa oʻzbek tili asosan turkiy tillar va adabiyotlarni qiyosiy oʻrganish doirasida tadqiq etiladi. Anqara universitetining 1992 yilda tashkil etilgan Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlar boʻlimida oʻzbek tili, adabiyoti va madaniyati oʻrganiladi.
Xalqaro taʼlimdagi asosiy muammo
Koʻrib chiqilgan maʼlumotlar toʻqqiz mamlakatdagi 15 ta oliy taʼlim muassasasida oʻzbek tiliga oid kurslar, dasturlar yoki tarixiy taʼlim faoliyati mavjud boʻlganini koʻrsatadi. Biroq ularning barchasida 2026 yilda muntazam taʼlim olib borilayotgani bir xil darajada tasdiqlanmagan.
Xorijda oʻzbek tilini oʻqitishning asosiy muammolari — malakali pedagoglar, standartlashtirilgan darsliklar, sertifikatlash tizimi va elektron taʼlim resurslarining yetarlicha rivojlanmaganidir. Shu bois asosiy maqsad xorijiy universitetlar sonini koʻpaytirish emas, balki barqaror va sifatli taʼlim dasturlarini yaratish boʻlishi lozim.
Oʻzbek tili yoʻqolib ketishi xavfi mavjudmi?
YuNESKOning 2024 yilgi maʼlumotlariga koʻra, dunyodagi taxminan 8324 tilning 40 foizga yaqini yoʻqolish xavfiga duch kelmoqda. Biroq oʻzbek tilining demografik koʻlami, davlat maqomi, taʼlim tizimidagi ishtiroki va avlodlararo uzatilishi uni yaqin istiqbolda yoʻqolish xavfi yuqori boʻlgan tillar qatoriga kiritish uchun asos bermaydi.
Oʻzbek tili uchun asosiy tahdid uning butunlay yoʻqolishi emas, balki ayrim nufuzli sohalardagi mavqeining zaiflashishidir.
Ayniqsa, ilmiy nashrlar, yuqori texnologiyalar, xalqaro biznes va sunʼiy intellektda oʻzbek tili yetarlicha rivojlanmasa, undan professional foydalanish imkoniyatlari cheklanadi.
Bugungi muhim vazifalardan biri oʻzbek tili uchun katta elektron matn korpuslari, sifatli lugʻatlar, nutqni tanish, avtomatik tarjima va milliy til modellarini yaratishdir.
Oʻzbek tilining kelajagi: qanday choralar zarur?
Kelgusi oʻn yillikda oʻzbek tilining milliy va xalqaro mavqeini mustahkamlash uchun beshta ustuvor yoʻnalish muhim:
1. Imlo va atamashunoslikni standartlashtirish. Yagona, ilmiy asoslangan va amalda qoʻllashga qulay yozuv meʼyorlarini shakllantirish.
2. Ilm-fan va oliy taʼlimni rivojlantirish. Oʻzbek tilida zamonaviy universitet darsliklari, ilmiy tadqiqotlar va elektron manbalarni koʻpaytirish.
3. Xorijda taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish. Oʻzbek tili kurslari, sertifikatlash tizimi, oʻqituvchilar tayyorlash va akademik hamkorlikni kuchaytirish.
4. Raqamli infratuzilma yaratish. Sunʼiy intellekt, avtomatik tarjima, ovozli texnologiyalar va milliy elektron lugʻatlarni rivojlantirish.
5. Xorijdagi oʻzbekzabon jamoalar bilan hamkorlik qilish. Tojikiston, Afgʻoniston va boshqa mamlakatlarda ona tilida taʼlim olish imkoniyatlarini ilmiy-maʼrifiy aloqalar orqali qoʻllab-quvvatlash.
Bu jarayonda boshqa tillar huquqlarini hurmat qilish, koʻp tillilikni ragʻbatlantirish va til masalasini millatlararo ziddiyatga aylantirmaslik muhim.
Til siyosatining natijalari rasmiy tadbirlar soni bilan emas, taʼlim sifati, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati, ilmiy nashrlar va raqamli resurslar koʻlami bilan baholanishi kerak.
Xulosa: tilning kelajagini nima belgilaydi?
Albatta oʻzbek tilining yaqin kelajakda butunlay yoʻqolib ketishiga ishonchli asoslar yoʻq. Ammo ilm-fan, texnologiya, oliy taʼlim va xalqaro muloqotdagi oʻrnini kengaytirish uchun izchil islohotlar zarur.
Oʻzbek tilining kelajagi uni qanchalik ulugʻlashimizga emas, balki unda qanchalik sifatli taʼlim berishimiz, ilm yaratishimiz, texnologiya ishlab chiqishimiz va zamonaviy dunyo bilan muloqot qilishimizga bogʻliq. Tilni asrash — uni oʻzgarishdan toʻxtatish emas, balki taraqqiyot bilan hamnafas rivojlantirishdir.
Abulfayz Sayidasqarov





