Mirobod hokimi ichki ishlar xodimlari bayrami uchun 130 mln soʻm mablagʻ ajratdi
Mirobod tuman hokimining 25 oktabr kuni “Ichki ishlar xodimlari” kuniga atab mablagʻ ajratish boʻyicha qarori e-qaror platformasida eʼlon qilindi.

Toshkent shahar Mirobod tuman hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi “Ichki ishlar xodimlari” kuni munosabati bilan mablagʻ ajratdi. Bu haqda hokim Anvar Sayfutdinov 16 oktabr kuni qaror imzolagan.
Qarorga koʻra, tuman hokimligining mahalliy byudjet zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jami 130 mln soʻm mablagʻ ajratilgan. Bundan ichki ishlar xodimlariga sovgʻa-salom xarid qilish uchun 40 mln soʻm, bayram dasturxoni uchun 90 mln soʻm ajratish belgilangan.
Ushbu farmoyish ijrosini nazorat qilish esa tuman hokimining oʻrinbosarlari Saidrasul Saidxanov va Ashraf Salaydinov zimmasiga yuklatilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasining tuman boʻlimlari rahbarlariga biriktirilgan xizmat avtomobillarining ayrim xarajatlari uchun byudjetning zaxira jamgʻarmasi hisobidan jami 180 mln soʻm ajratgan edi.





