2027 yil Qashqadaryoni zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar asosida rivojlantirish yili boʻladi – Prezident
Umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod boʻlgan 161 ta loyiha tayyorlangan. Shavkat Mirziyoyev yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari soʻnggi besh yilda viloyatga 20 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, 7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinganini qayd etdi. Xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan minglab loyihalar ishga tushirildi, aholi jon boshiga daromad uch baravar oshdi.
– Endi yetishtirilgan mahsulotni viloyatning oʻzida chuqur qayta ishlab, voha aholisining munosib daromad topishiga sharoit yaratish kerak, – dedi Prezidentimiz.
Shu maqsadda umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod boʻlgan 161 ta loyiha tayyorlangan. Marosimda 69 ta loyiha ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga start berildi.
Ishga tushirilayotgan 28 ta sanoat korxonasida 7 mingga yaqin doimiy ish oʻrni yaratilmoqda. Italiyaning “Cotonella” brendi yiliga 8,5 million dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqda. Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida toʻqimachilik sohasida yana 14 ta loyiha boshlanmoqda. Ular hisobidan 18 mingta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashda ham yangi quvvatlar tashkil etilmoqda. AQShlik hamkorlar ishtirokidagi “Wosune Food Ingredients Karshi” korxonasi 3,5 ming gektar maydonda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydi. Uning 40 million dollarlik mahsulotini “Nestlé” va “Purina” kabi xalqaro brendlar uchun eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Misr va Pokiston investorlari esa Nishon va Gʻuzor tumanlarida 24 ming gektar yerni oʻzlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda.
– “Yashil” iqtisodiyot viloyatni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Oqsuv daryosida umumiy quvvati 24 megavatt boʻlgan uchta gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi. Qarshi tumanida Xitoyning “Shanghai SUS” kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 150 million dollarlik zavodni yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Kitob, Yakkabogʻ va Shahrisabz tumanlarida umumiy quvvati 58 megavatt boʻlgan toʻqqizta mikroGES barpo etiladi.

Kitob tumanida Ozarbayjon bilan hamkorlikda oltin qazib olish loyihasi boshlanmoqda. Shahrisabz tumanida esa rossiyalik investorlar bilan 300 million dollarlik dor yoʻli, mehmonxona va togʻ-changʻi kurorti majmuasini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Prezidentimiz xorijiy hamkorlar va investorlarga viloyatga sarmoya, yangi texnologiya va innovatsiyalar olib kirayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ularning takliflari tinglandi.
– 2027 yil Qashqadaryoni zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar asosida rivojlantirish yili boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan soʻng Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirdi va navbatdagilarining qurilishiga start berdi.





