platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Iqtisod

Oʻzbekiston va AQSh 12 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 oktabr kuni Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yigʻilishi ochilishida ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston va AQSh 12 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi

Tadbirda Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat kotibi Marko Rubio, AQSh Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, Amerikaning yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari ham qatnashdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari koʻp asrlar davomida xalqlar, madaniyatlar va savdo yoʻllarini birlashtirib kelgan shahar – Samarqandda muhokama qilinayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi.

Oʻzbekiston va AQSh 12 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi
Oʻzbekiston va AQSh 12 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Amerika oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani, bu, eng avvalo, AQSh Prezidenti Donald Trampning shaxsiy eʼtibori va qoʻllab-quvvatlovi tufayli ekani qayd etildi.

Mustahkam siyosiy sheriklik asosida iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Bu borada qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishga salmoqli hissa qoʻshayotgan Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi alohida oʻrin tutadi.

Oʻzbekiston va AQSh 12 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga toʻxtalib oʻtdi. Iqtisodiyot oʻsib bormoqda, yangi korxonalar ishga tushirilmoqda, ish oʻrinlari yaratilmoqda, yoshlar uchun taʼlim olish imkoniyatlari kengaymoqda.

Shu bilan birga, sanoatni yanada rivojlantirish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish uchun investitsiyalar jalb qilish jarayoni ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, bilim va tajriba almashish bilan birga olib borilishi zarurligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va AQSh 12 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi

Bu borada AQSh biznesi bilan hamkorlik qilish boʻyicha katta tajriba toʻplangani taʼkidlandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Amerika sarmoyasi ishtirokidagi yuzlab kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ular bilan sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va yangi texnologiyalar sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda Oʻzbekiston kompaniyalari ham AQSh iqtisodiyotiga investitsiya kiritishni boshlamoqda.

Muhim minerallarni oʻzlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy va barqaror energetika tizimini rivojlantirish, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va davlat boshqaruviga sunʼiy intellekt hamda raqamli yechimlarni joriy qilish, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamkorlikni yanada kengaytirish uchun istiqbolli yoʻnalishlar sifatida koʻrsatib oʻtildi.

Oʻzbekiston va AQSh 12 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi

Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining bugungi yigʻilishiga katta tayyorgarlik koʻrilgani qayd etildi. Natijada umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbusdan iborat toʻplam shakllantirildi. Ularni amalga oshirish uchun kompleks harakatlar dasturi ishlab chiqiladi.

Kengash faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida kuch va imkoniyatlarni uchta ustuvor vazifani hal etishga safarbar etish muhimligi taʼkidlandi.

Avvalo, AQSh tadbirkorlari uchun tushunarli va oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan shart-sharoitlarni yaratish zarur. Oʻzbekistonga kelgan sarmoyador maʼmuriy tartib-taomillarga vaqt sarflamasdan, tezda oʻz biznesini boshlash imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.

Bu borada investorlar bilan ishlashda “Plug and Play” tamoyiliga asoslangan yangi yondashuvga oʻtilayotgani taʼkidlandi. Ularga yer maydoni, infratuzilma, ruxsat olish va hujjatlar rasmiylashtirish masalalari hal etilgan tayyor loyihalar taklif etiladi.

Shu bilan birga, oʻzbekistonlik tadbirkorlar ham hamkor sifatida ishtirok etishi va investitsiyaviy xatarlarning bir qismini oʻz zimmasiga olishi mumkin. Yangi tashkil etilgan Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi ham bunday loyihalarda ishtirok etadi.

Keyingi ustuvor vazifa sifatida iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini hamda sanoat va texnologiyalar jadal rivojlanishiga xizmat qiladigan yirik markazlarni birgalikda shakllantirish muhimligi qayd etildi.

Kengash ikki mamlakat oʻrtasidagi uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikning strategik mexanizmiga aylanishi lozimligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan 2035 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan savdo-investitsiyaviy va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Shu bilan birga, kengash yangi tashabbuslarni ishlab chiqish, tizimli toʻsiqlarni bartaraf etish va yirik qoʻshma loyihalarni ilgari surishda muhim oʻrin tutadigan muloqot maydoniga aylanishi lozim.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid