Havo shari Toshkentning ayrim hududlari elektrsiz qolishiga sababchi boʻldi
Energetika vazirligi xabariga koʻra, hodisa Qibray tumanida joylashgan "Aksa Toshkent" IESda sodir boʻlgan. Transformatorning himoya tizimi ishga tushib, stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan

19 oktabr kuni Toshkentning Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulugʻbek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr taʼminotida vaqtinchalik uzilish kuzatildi. Bunga "Aksa Toshkent" issiqlik elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushishi sabab boʻlgan.
Energetika vazirligi xabariga koʻra, hodisa soat 19:05 da Qibray tumanida joylashgan "Aksa Toshkent" IESda sodir boʻlgan. Oqibatda transformatorning himoya tizimi ishga tushib, stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, uzilishga stansiyaning T-5 transformatoridagi shikastlanish sabab boʻlgan. Hodisa kuzatuv kameralari yozuvlarida ham aks etgan.
Koʻrilgan tezkor choralar natijasida soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida elektr taʼminoti qisman tiklangan. Soat 19:25 da zaxira manbalari orqali elektr taʼminoti toʻliq tiklangan. Soat 19:38 ga kelib esa barcha isteʼmolchilar elektr energiyasi bilan qayta taʼminlangan.





