Davlat tili va matbuot masʼuliyati boʻyicha ilmiy ish taqdim etildi
Tadqiqotda davlat tili siyosatini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni, jurnalistlarning kasbiy masʼuliyati, tilga oid mavzularni yoritish tamoyillari ilmiy jihatdan tahlil qilingan.

Davlat tili haftaligi OʻzJOKUda davlat tili va matbuot masʼuliyatiga bagʻishlangan ilmiy himoya bilan boshlandi.
21 oktabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. 1989 yilning aynan shu sanasida “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi milliy tilimizning huquqiy maqomini mustahkamlash yoʻlida tarixiy qadam boʻlgan edi.
Ushbu qutlugʻ sana arafasida Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12 Fil.03.01 raqamli ilmiy kengashda davlat tili siyosati va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga bagʻishlangan PhD dissertatsiyasi himoyasi boʻlib oʻtdi.
Dissertant: Musayev Shaxobiddin Sharafiddinovich
Ixtisoslik: 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi: “Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi qonuni ijrosida ommaviy axborot vositalari faoliyatining asosiy prinsiplari”.
Tadqiqotda davlat tili siyosatini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni, jurnalistlarning kasbiy masʼuliyati, tilga oid mavzularni yoritish tamoyillari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Shuningdek, davlat tilining jamiyatdagi nufuzini oshirish, milliy birlikni mustahkamlash va OAVda til siyosatini yoritish samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Til – millatning maʼnaviy boyligi, matbuot esa uning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlovchi muhim kuchdir.
Davlat tili haftaligida aynan “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosiga bagʻishlangan ilmiy tadqiqotning himoya qilinishi alohida ramziy ahamiyat kasb etadi. Zero, davlat tilining nufuzini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni, jurnalistlarning soʻzga masʼuliyati va til madaniyatiga munosabati muhim ahamiyatga ega.




