2027 yildan pensiya tayinlash boʻyicha ixcham boshqaruv tizimi joriy etiladi
Bunda Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi va Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalari huzurida har bir tuman va shaharda 1–3 shtat birligidan iborat ixcham xizmat koʻrsatish ofislari tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 19 oktabrdagi 576-son qarori bilan fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash boʻyicha ixcham xizmat koʻrsatish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari belgilandi.
Hujjatga koʻra, Prezidentning 2025 yil 26 iyundagi PF-105-son farmoni asosida 2027 yil 1 yanvardan Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi va Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlarini tugatish, shuningdek, gʻaznachilik va pensiya taʼminoti tizimlarini raqamlashtirish hamda avtomatlashtirish orqali hududlarda ixcham ofislar tashkil etish nazarda tutilgan.
Bunda Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi va Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalari huzurida har bir tuman va shaharda 1–3 shtat birligidan iborat ixcham xizmat koʻrsatish ofislari tashkil etiladi.
2026 yil oktabr–dekabr oylarida tajriba-sinov tariqasida Andijon, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarining ayrim shaharlarida Pensiya jamgʻarmasining pensiya tayinlash, uni qayta hisoblash, pensiya turini oʻzgartirish hamda toʻlovlarni tashkil etish bilan bogʻliq vazifa va funksiyalari jamgʻarmaning hududiy boshqarmalariga oʻtkaziladi.
Tajriba oʻtkaziladigan hududlardagi barcha hududiy boshqarmalarda pensiya tayinlash va toʻlash masalalari boʻyicha uch kishidan iborat komissiyalar tuziladi. Ular Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq faoliyat yuritadi.
Tajriba-sinov natijalari asosida yangi mexanizmni 2027 yil 1 yanvardan boshlab butun respublika boʻylab joriy etish rejalashtirilgan.
Qaror 2026 yil 19 oktabrda qabul qilingan va shu kundan kuchga kirgan.





