platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Siyosat

Prezident Samarqandda Markaziy Osiyo TIV rahbarlarini qabul qildi

Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Prezident Samarqandda Markaziy Osiyo TIV rahbarlarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 oktabr kuni Samarqand shahrida “S5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Suhbat avvalida Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Barcha darajalardagi aloqalar jadal tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda ikki mamlakat munosabatlari tarixida yangi mexanizm – Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashi tuzildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari izchil oshib bormoqda. “Shovot – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish hamda uchinchi Hududlar forumi va Turkmaniston shaharlarida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston madaniyati va kinosi kunlariga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi.

Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Samarqand shahrida “S5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdini qabul qildi.

Prezident Samarqandda Markaziy Osiyo TIV rahbarlarini qabul qildi

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Qozogʻiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Prezident Administratsiyalari, parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalar yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, sanoat, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, qurilish va ekologiya sohalarida muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar yoʻlga qoʻyilgan.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda kelgusi yilga moʻljallangan tadbirlar rejasini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.

Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “S5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga kelgan Qirgʻiz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayevni qabul qildi.

Prezident Samarqandda Markaziy Osiyo TIV rahbarlarini qabul qildi

Tashqi siyosat idorasi rahbari mamlakatimiz yetakchisiga Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Qirgʻiziston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Prezidentimizning joriy yil iyul oyida Qirgʻizistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tovar ayirboshlash hajmining ijobiy oʻsish surʼati, yetakchi korxonalar va hududlar oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalari yoʻlga qoʻyilgani, energetika va transport sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Kelgusi yilga moʻljallangan madaniy-gumanitar tadbirlar va hududlar darajasidagi almashinuvlar rejasini qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.

Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “S5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi.

Prezident Samarqandda Markaziy Osiyo TIV rahbarlarini qabul qildi

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi.

Hamkorlik barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo va yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Energetika, sanoat, qishloq va suv xoʻjaligi sohalaridagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirdi.

Madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Tomonlar mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham muhokama qildilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 oktabr kuni Samarqand shahrida “Franklin Templeton” kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Jenni Jonsonni qabul qildi.

Uchrashuvda yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki natijalari koʻrib chiqildi.

London va Toshkent birjalarida Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi aksiyalarining joylashtirilishi mamlakatimiz tarixidagi ilk xalqaro IPO boʻlgani taʼkidlandi. Buning hisobiga qariyb 700 million dollar mablagʻ jalb etildi, talab taklifga nisbatan toʻrt baravardan ziyodga oshdi.

Keyingi bosqichda jamgʻarma portfelidagi kompaniyalarni transformatsiya qilish orqali aholi farovonligini oshirish, xizmatlar ishonchliligi va sifatini yaxshilash koʻzda tutilgani qayd etildi. Keyingi aksiyalarni joylashtirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini kengaytirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Yirik kompaniyalarni IPOga tayyorlash, ularning boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish hamda kompaniyaning Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatida ishtirok etishi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid