"Milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolanadi” — Marko Rubio Oʻzbekistonga tashrif haqida
AQSh davlat kotibi Samarqand asrlar davomida jahon savdosining muhim chorrahasi boʻlib kelganini taʼkidlab, bugun bu yerga qariyb 300 ta Amerika kompaniyasi vakillari kelganini bildirdi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSh davlat kotibi Marko Rubio Registon maydonida jurnalistlar oldiga birga chiqdi.
Rubio oʻz soʻzini Oʻzbekiston tomoniga samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirishdan boshladi.
AQSh davlat kotibi Samarqand asrlar davomida jahon savdosining muhim chorrahasi boʻlib kelganini taʼkidlab, bugun bu yerga qariyb 300 ta Amerika kompaniyasi vakillari kelganini bildirdi.
Uning soʻzlariga koʻra, tashrif yakunlari boʻyicha milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Rubio AQSh Oʻzbekiston va mintaqa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanini maʼlum qildi.
AQSh davlat kotibi Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi hozirgi jarayonlardagi rolini baholar ekan, mintaqaning asosi deb atadi.
“Menimcha, u asosiy, tamal toshi. Bu eng aholisi koʻp davlat. Men bu yerda ilgari boʻlmaganman, hozirgina keldim, lekin aql bovar qilmaydigan iqtisodiy rivojlanish haqida oʻqib chiqdim. YaIM oʻsish surʼati yiliga qariyb 8 foiz. Bu ajoyib. Biz bu tendensiya davom etishini qoʻllab-quvvatlamoqchimiz. Agar oʻtgan oʻn yilga oʻxshash yana bir oʻn yilni oʻtkazsangiz, juda yuksak marraga chiqasiz. Siz allaqachon shu yerdasiz”, – dedi u.
Rubio Oʻzbekistonga kelayotgan sayyohlar soni uni hayratga solganini taʼkidladi.
“Kelayotgan turistlar soni meni lol qoldirdi, yaʼni raqamlar shunchalik yuqoriligidan hayron boʻldim. AQShdan toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar haqida soʻradim. Aslida Mayamidan toʻgʻridan-toʻgʻri reys boʻyicha muzokaralar ketmoqda. Barcha qoʻshnilari kabi sovet davridan chiqib, qisqa vaqt ichida bugungi darajaga yetgan mamlakatni koʻrish bizni doim ruhlantiradi”, – dedi AQSh Davlat kotibi.





