Marko Rubioning Oʻzbekistonga tashrifi xalqaro media nazariga tushdi
Xalqaro OAV eʼtibori Markaziy Osiyoning AQSh tashqi siyosatidagi ahamiyati ortib borayotgani va Oʻzbekistonning mintaqaviy hamkorlikdagi oʻrni muhim ekanini koʻrsatmoqda.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning “Markaziy Osiyo + AQSh” (C5+1) sammiti formatidagi uchrashuvda ishtirok etishi hamda Oʻzbekistonga tashrif xalqaro media nazariga tushdi.
Reuters, AFP, Yahoo News, Barron’s, Eurasia Review, TV5 Monde va Italiyaning Internazionale nashrlari tashrifni AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan diplomatik qadami sifatida yoritmoqda.
Reuters agentligiga koʻra, mintaqadagi tabiiy resurslar va iqtisodiy salohiyat AQSh uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nashr mintaqa davlatlari va AQSh oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga eʼtibor qaratgan.
AFP agentligi ham Vashingtonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashga intilayotganini qayd etgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Samarqanddagi C5+1 uchrashuvida AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilinadi.
Xalqaro OAV eʼtibori Markaziy Osiyoning AQSh tashqi siyosatidagi ahamiyati ortib borayotgani va Oʻzbekistonning mintaqaviy hamkorlikdagi oʻrni muhim ekanini koʻrsatmoqda.





