"C5+1" Samarqandda: Oʻzbekiston kapital, texnologiyalar va mintaqaviy bozorlarga eʼtibor qaratmoqda
Samarqandda siyosiy tadbirlar bilan bir qatorda, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tayyorlangan ishbilarmonlik dasturi ham boʻlib oʻtadi. 19 oktabr kuni oltita tarmoq sessiyasini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Samarqand Markaziy Osiyo davlatlari va AQShni yana bir bor shu yerda 2015 yilda tarixi boshlangan "C5+1" formatda oʻzida jamlamoqda. 2023 yildan beri tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlariga davlat rahbarlarining muzokaralari ham qoʻshildi. Endi siyosiy kelishuvlardan – investitsiyalarga, texnologiya va hamkorlikdan - ishlab chiqarish jarayonlariga oʻtish diqqat markazida turibdi.
Samarqanddagi tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi. Prezidentning AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy Osiyo davlatlari diplomatik idoralari hamda yetakchi amerika kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlari ham rejalashtirilgan. Siyosiy muzokaralar keyinchalik soha idoralari va biznes batafsil ishlab chiqadigan ustuvor yoʻnalishlarni belgilab beradi. Davlatimiz rahbari bunday yondashuvni 2023 yilda Nyu Yorkdagi ilk yetakchilar sammiti va 2025 yilda Vashingtondagi uchrashuvda ilgari surgan edi.
Oʻzbekiston vakillari Vashingtonda eʼlon qilgan takliflari bunday yondashuvga tashkiliy mazmun bagʻishlaydi. Doimiy kotibiyat ishlarning vorisiyligini taʼminlashi, investitsiya va savdo boʻyicha vazirlarning muvofiqlashtiruvchi kengashi davlat tizimlarini kompaniyalar va moliyaviy institutlari bilan bogʻlashi, “Markaziy Osiyo investitsion sherikligi” esa transchegaraviy loyihalarni qoʻllab-quvvatlashi mumkin. Ayni paytda mazkur tashabbuslar formatning barcha ishtirokchilari tashabbuslarini hisobga olgan holda koʻptomonlama dialog doirasida ishlab chiqilmoqda.
Oʻzbekiston va AQSh iqtisodiy sohada doimiy hamkorlikni ikki tomonlama darajada yoʻlga qoʻyishga muvaffaq boʻldi. Uch yillik hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda, Amerika — Oʻzbekiston biznes va investitsiyalar kengashi oʻz faoliyatini boshladi. Avgust oyida Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp erishilgan kelishuvlarning ijrosini muhokama qilishgan edi. Keyinchalik Oʻzbekiston rahbari AQSh Kongressi vakillari hamda AQSh Prezidentining maxsus vakili bilan uchrashuvlar oʻtkazib, energetika, transport, muhim minerallar, raqamli texnologiyalar va qishloq xoʻjaligi masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. "C5+1" formati esa ikki tomonlama hamkorlikka bir nechta mamlakatning oʻzaro muvofiqlashuvini talab etadigan vazifalarni ham qoʻshadi.
Ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. 2025 yilda Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarni tashkil etdi. 2026 yilning yanvar–avgust oylarida esa bu koʻrsatkich 810,4 million dollarga yetdi va oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 33,4 foizga oshdi. Oʻzbekistonda Amerika kapitali ishtirokidagi 377 ta korxona faoliyat yuritmoqda, yilning dastlabki sakkiz oyida esa 1,8 milliard dollar oʻzlashtirildi.
Ishbilarmonlik dasturi
Samarqandda siyosiy tadbirlar bilan bir qatorda, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tayyorlangan ishbilarmonlik dasturi ham boʻlib oʻtadi. 19 oktabr kuni oltita tarmoq sessiyasini oʻtkazish rejalashtirilgan. Ular raqamli texnologiyalar, taʼlim va sogʻliqni saqlash, mineral resurslar, energetika va transport, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik, moliya va investitsiyalar sohalarini qamrab oladi. Sessiyalar yakunida kompaniyalar oʻrtasida bevosita muzokaralar, shuningdek, loyihalar parametrlari va moliyalashtirish manbalarini muhokama qilish maqsadida biznes vakillarining davlat organlari vakillari bilan uchrashuvlari boʻlib ham oʻtadi.
Oʻzbekistonning iqtisodiy rejalari ishbilarmonlik dasturining koʻlamini anglash imkonini beradi. 2025 yilda mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga oʻsdi, jalb etilgan investitsiyalar hajmi esa 43 milliard dollarga yetdi. 2026 yilda umumiy qiymati 52 milliard dollar boʻlgan 782 ta sanoat va infratuzilma loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun uzoq muddatli kapital, muhandislik yechimlari hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega hamkorlar zarur.
Moliyaviy sessiyada Citigroup, JP Morgan va Franklin Templeton kompaniyalari ishtirok etishi kutilmoqda. Sanoat va infratuzilma loyihalari uchun uzoq muddatli moliyalashtirish shartlari va xatarlarni taqsimlash masalalari muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston investorlar uchun alohida huquqiy rejimga ega Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etmoqda. Bir nechta mamlakat ishtirokidagi qoʻshma tashabbuslarni tayyorlashda esa uning vositalarini taklif etilgan mintaqaviy fond bilan toʻldirish mumkin.
Kiritilayotgan investitsiyalar hajmi bilan bir qatorda, ishlab chiqarish zanjirining qaysi qismi Oʻzbekistonda shakllantirilishi ham katta ahamiyatga ega. 2030 yilga qadar mamlakat sanoatdagi qoʻshilgan qiymatni 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazishni, yuqori va oʻrtachadan yuqori texnologik tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmini esa 2,5 barobar oshirishni maqsad qilgan. Mineral resurslarga bagʻishlangan sessiyada Traxys, FLSmidth va ReElement kompaniyalari ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning salohiyati sohaning turli boʻgʻinlarini qamrab oladi. Traxys metallar va minerallar xalqaro savdosi hamda logistikasiga ixtisoslashgan. FLSmidth kompaniyasi bilan konchilik va maʼdanni boyitish uskunalarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisida kelishuv imzolangan, ReElement kompaniyasi bilan esa volfram konlarini oʻzlashtirish boʻyicha kelishuvga erishilgan.
AQSh uchun nodir (kamyob) minerallar masalasi taʼminot ishonchliligi bilan chambarchas bogʻliq. Oʻzbekiston esa konlarni oʻzlashtirish orqali yanada yuqori sanoat samaradorligiga erishishga intilmoqda.2026 yil fevral oyida ikki mamlakat hukumatlari bunday resurslarni qazib olish va qayta ishlash sohasida taʼminot barqarorligi toʻgʻrisidagi memorandumni imzolashdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev «C5+1» formati doirasida geologik qidiruv ishlari, qazib olish, chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga ilgari surishni muvofiqlashtirish uchun mintaqaviy darajada maxsus qoʻmita tuzishni taklif etdi.
Qayta ishlash koʻlamining kengayishi transport va energetika masalalariga alohida ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bogʻlaydigan transport va energetika loyihalarini AQSh ishtirokida amalga oshirishni taklif etdi. Tegshli sessiyada Boeing, Wabtec va Air Products kompaniyalari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilar tarkibi transport tizimlarini zarur uskunalar bilan jihozlash va yangi sanoat maydonlarini energiya bilan taʼminlash masalalarini atroflicha muhokama qilish imkonini beradi.
Texnologik yangilanish iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini ham qamrab olmoqda. Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida Google va Meta, sogʻliqni saqlash masalalari muhokamasida GE HealthCare, qishloq xoʻjaligi sohasida esa Valmont Industries kompaniyalarining ishtiroki koʻzda tutidgan. Bu yerda gap korxonalarni raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash, tibbiyot va qishloq xoʻjaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish haqida ketmoqda.
Samarqanddagi tigʻiz va sermazmun ishbilarmonlik dasturi tarmoqlarga oid muhokamalar bilan cheklanmaydi. Panel sessiyalari bilan bir qatorda, B2B va B2G formatlarida bevosita muzokaralar ham oʻtkazilmoqda. Ularda muayyan investitsion tashabbuslar, ularni amalga oshirish shartlari va moliyalashtirish mexanizmlari muhokama qilinyapti. Ustuvor tarmoqlardagi yirik loyihalar boʻyicha allaqachon kelishuvlarga erishilgan. Muloqotning bunday amaliy yoʻnalishi Oʻzbekiston va AQShning iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ilgʻor texnologiyalarni jalb etish va uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashdan oʻzaro manfaatdor ekanini namoyon etadi.





