Navoiy xalqaro aeroporti Yevrosiyodagi eng yirik multimodal yuk tashish markaziga aylanadi
«Harvest Epoch Strategik Investment Limited» kompaniyasi bilan Navoiy xalqaro aeroporti oʻrtasida strategik alyans toʻgʻrisidagi doiraviy bitim imzolangan. 16 oktabr kuni esa, mazkur kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish bosqichiga oʻtilib, yoʻl xaritasi kelishib olindi.

Navoiy xalqaro aeroportini butun Yevrosiyodagi eng yirik multimodal yuk tashish markaziga aylantirish uchun navbatdagi qadamlar tashlandi.
2026 yil 9 sentabr kuni «Harvest Epoch Strategik Investment Limited» kompaniyasi bilan Navoiy xalqaro aeroporti oʻrtasida strategik alyans toʻgʻrisidagi doiraviy bitim imzolangan.
16 oktabr kuni esa, mazkur kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish bosqichiga oʻtilib, yoʻl xaritasi kelishib olindi.

Joriy yilning oktabr-noyabr oylarida kelishuvning hamkorlikni yoʻlga qoʻyish ishlari boshlanadi. Hamkorlar texnik-iqtisodiy asoslantirish hujjatining yangilangan tahririni taqdim etadi, Navoiy xalqaro aeroporti esa oʻz navbatida tijoriy shartlar, infratuzilma, tariflar va xizmat koʻrsatishga oid maʼlumotlarni taqdim qiladi. Noyabr oyining oʻrtalariga qadar xalqaro mijozlar uchun raqobatbardosh tarif takliflarini ishlab chiqadi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2026 yil dekabr oyida dastlabki sinov yuk reyslarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, 15 dekabrdan boshlab hamkor mijozlarining dastlabki sinov yuk reyslarini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Buning uchun aeroport yer usti xizmatlari, samolyotlarga yonilgʻi qoʻyish, ombor majmualari faoliyati va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining toʻliq tayyorligini taʼminlaydi. Barcha xizmatlar eng yuqori xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etiladi. Bundan tashqari, yongʻinga qarshi tizimlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) 9-toifali talablariga muvofiqlashtirilmoqda.
«Harvest Epoch Strategik» kompaniyasi boshqaruv kengashi rahbari Chan Xung Toga koʻra, Xitoy va Navoiy xalqaro aeroporti oʻrtasidagi mazkur hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hamkorlik iqtisodiy taraqqiyotda hal qiluvchi oʻrin tutadi.

«Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar juda yaxshi. Biz bir-birimizga qardosh davlatlarmiz. Shu bois, biz ushbu ikki mamlakat oʻrtasida koʻprik boʻlishni chin dildan istaymiz. Bu orqali iqtisodiyot va savdo-sotiq juda tez surʼatlarda rivojlanishiga ishonamiz. Barchamizga maʼlumki, Oʻzbekiston okeanlarga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu sababli, biz Xitoy va Navoiy xalqaro aeroporti oʻrtasidagi hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishiga chin dildan ishonamiz. Ushbu hamkorlik mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida hal qiluvchi oʻrin tutadi. Bugun biz Navoiy xalqaro aeroporti oʻrtasida yoʻl xaritasini imzoladik. Keyingi bosqichda esa ikki tomonlama hamkorlikning keng qamrovli yoʻnalishini oʻz ichiga olgan tijoriy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolashni rejalashtirmoqdamiz. Ishonamizki, Navoiy xalqaro aeroporti orqali amalga oshiriladigan aviaqatnovlar soni ortadi hamda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni dunyo bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlari kengayadi. Shuningdek, Navoiy xalqaro aeroporti Markaziy Osiyo mamlakatlari markazida joylashgan muhim logistika nuqtasi sifatida Xitoy va Yevropa oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishda ham katta ahamiyat kasb etadi», — dedi u.

Navoiy xalqaro aeroporti direktori Alisher Qilichevning aytishicha, mazkur hamkorlik doirasida noyabr oyida yakuniy bitim imzolanadi va olti oylik pilot loyihani boshlash rejalashtirilmoqda.
«Harvest Epoch kompaniyasi bizning tijoriy agentimiz sifatida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifalari aviakompaniyalarni hamkorlikka jalb etish, elektron tijorat yuklari oqimini oshirish hamda logistika kompaniyalarini jalb qilishdan iborat boʻladi. Bu esa Navoiy xalqaro aeroportining salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi», — deydi u.
Xitoy va Navoiy xalqaro aeroporti oʻrtasidagi loyihaning asosiy strategik maqsadi — 2030 yilga borib, aeroport orqali yiliga 45 ming tonna yuk tashish hajmiga erishish ekanligi hamkorlar tomonidan taʼkidlandi.
«Navoiy xalqaro aeroporti oʻzining noyob geografik joylashuvi, infratuzilmasi va davlat tomonidan koʻrsatilayotgan koʻmak tufayli katta salohiyatga ega. Ishonchimiz komilki, mazkur Yoʻl xaritasining amalga oshirilishi aeroportimizning dunyodagi yirik logistika markazlari qatoridan munosib oʻrin egallashiga xizmat qiladi», deydi xitoylik hamkorlar.





