Maktab oʻquvchilariga ilk bor insult belgilarini aniqlash oʻrgatiladi
Dastur 1 noyabrdan boshlab umumtaʼlim maktablarida bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi. Dastlab Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi yettita, shuningdek, Samarqand shahri, Kattaqoʻrgʻon va Ishtixon tumanlaridagi jami oltita maktabda mashgʻulotlar tashkil etiladi.

Oʻzbekistonda ilk bor maktab oʻquvchilariga insultning dastlabki belgilarini tanish va shoshilinch vaziyatda toʻgʻri harakat qilishni oʻrgatuvchi “FAST — superqahramonlar” dasturi joriy etiladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Dastur 1 noyabrdan boshlab umumtaʼlim maktablarida bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi. U 1–4-sinf oʻquvchilariga moʻljallangan. Dastlab Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi yettita, shuningdek, Samarqand shahri, Kattaqoʻrgʻon va Ishtixon tumanlaridagi jami oltita maktabda mashgʻulotlar tashkil etiladi.
“FAST” tamoyili insultning asosiy belgilarini eslab qolishga yordam beradi: yuzdagi oʻzgarishlar, qoʻldagi holsizlik, nutq buzilishi va vaqtni boy bermasdan harakat qilish zarurati.
Mashgʻulotlarda bolalarga inson yuzida asimmetriya paydo boʻlishi, bir qoʻlini koʻtara olmasligi yoki gapirishda qiynalishi insult belgisi boʻlishi mumkinligi tushuntiriladi. Bunday vaziyatda kattalarni zudlik bilan xabardor qilish va “103” raqamiga qoʻngʻiroq qilish kerakligi oʻrgatiladi.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, “FAST — superqahramonlar” dasturi “Angels Initiative” xalqaro tashabbusi doirasida ishlab chiqilgan. U dunyoning 40 ga yaqin davlatida 2 milliondan ortiq bolani qamrab olgan. Darslar bolalarning yoshiga mos ravishda oʻyinlar, qahramonlar va videomateriallar yordamida olib boriladi.
Dasturning maqsadi bolalarning insult belgilari haqidagi bilimini oshirish, bu maʼlumotlarni oila aʼzolariga ham yetkazish va shoshilinch vaziyatda tez tibbiy yordam chaqirish koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat.





