Bu yil qishda elektr uzilishi boʻlmaydi — Energetika vazirligi
Faqat rejaviy taʼmirlash ishlari davomida vaqtinchalik oʻchirishlar boʻlishi mumkin, xolos. Ushbu taʼmirlash ishlari eskirgan uskunalarni almashtirish va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan.

Oʻzbekiston Energetika vazirligi vakilining 14 oktabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilishicha, kuz-qish mavsumida elektr energiyasi taʼminotida uzilishlar kutilmayapti.
Faqat rejaviy taʼmirlash ishlari davomida vaqtinchalik oʻchirishlar boʻlishi mumkin, xolos.
Vakilning soʻzlariga koʻra, ushbu taʼmirlash ishlari eskirgan uskunalarni almashtirish va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan, taʼmirlash jarayonida ayrim yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari vaqtincha oʻchiriladi, bu esa isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berilishida uzilishlarga sabab boʻladi. Rejalashtirilgan cheklovlar haqida aholi oldindan xabardor qilinadi.
Vazirlik vakili energetika tizimining qish mavsumiga toʻliq tayyor ekanligini taʼkidlab, taʼmirlash ishlari uchun zarur boʻlgan uzilishlardan tashqari, rejadan tashqari elektr oʻchishlari kutilmayotganini bildirdi.
Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda elektr energiyasi taʼminoti boʻyicha aholidan kelib tushgan shikoyat va murojaatlar soni sezilarli darajada kamaygan.
Vazirlikka jami 108 300 ta shikoyat va murojaat kelib tushgan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan qariyb uchdan bir qismga kamdir. Birinchi marta shikoyatlar tarkibida elektr energiyasi taʼminotiga qaraganda gaz taʼminoti bilan bogʻliq masalalar koʻproq ulushni — mos ravishda 45 foiz va 41 foizni tashkil etdi.
Elektr energiyasi bilan bogʻliq shikoyatlar soni 40 foizga kamayib, taxminan 44 000 tani tashkil etdi.
Eng kөp uchraydigan muammo elektr uzatish liniyalari tayanchlari va transformatorlarni qurish hamda taʼmirlash masalalari boʻlib, bu boʻyicha 17 400 ta shikoyat kelib tushgan. Bu koʻrsatkich avvalgi davrga nisbatan 35,8 foizga kamayganini anglatadi.
Aynan elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar boʻyicha shikoyatlar esa deyarli ikki baravarga — 49,7 foizga kamayib, 14 000 tani tashkil etdi.





