Toshkentda yana 17,9 kilometr boʻlgan avtobus yoʻlaklari tashkil etiladi
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, buning uchun taxminan 6,5 milliard soʻm talab etiladi. Xarajatlarni Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Toshkent shahridagi toʻrtta koʻchada umumiy uzunligi 17,9 kilometr boʻlgan avtobuslar uchun alohida yoʻlaklar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Mutaxassislar jamoat transporti harakatlanadigan umumiy uzunligi 150 kilometrdan ortiq yoʻl qismlarini tahlil qilgan. Natijada qariyb 18 kilometr masofada ishlarni boshlash tavsiya etilgan.
Loyiha quyidagi koʻchalarni qamrab oladi:
Muqimiy koʻchasi — Yashnobod va Chilonzor tumanlaridagi 4,6 kilometrlik qism;
Qoratosh va Koʻkcha Darvoza koʻchalari — Shayxontohur tumanidagi 4,2 kilometrlik qism;
Parkent koʻchasi — Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 2,8 kilometrlik qism;
Mirzo Ulugʻbek shohkoʻchasi — Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 6,3 kilometrlik qism.
Ushbu hududlarda markaziy koʻchalarni taʼmirlash va avtobuslar harakati uchun alohida yoʻlaklar tashkil etish koʻzda tutilgan.
Hokimlik maʼlumotiga koʻra, tegishli qaror imzolangan. Hozirda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun byudjet shakllantirilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, buning uchun taxminan 6,5 milliard soʻm talab etiladi. Xarajatlarni Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan.
Loyihaning buyurtmachisi “Toshkent invest kompaniyasi” AJ boʻladi. Loyihalash va qurilish tashkilotlari, shuningdek, texnik nazorat xizmatlarini koʻrsatuvchilar tanlov asosida aniqlanadi.
Qurilish boshlanishidan oldin muhandislik kommunikatsiyalari tekshiriladi. Zarurat tugʻilganda mavjud tarmoqlar taʼmirlanadi, koʻchiriladi yoki almashtiriladi. Ishlar davomida transport harakati xavfsizligini taʼminlash va tirbandliklarning oldini olish choralari koʻriladi.
Shuningdek, loyiha doirasida piyodalar uchun qulay yoʻnalishlar, yoʻl koʻrsatkichlari, avtobus bekatlari va yoritish tizimlarini tashkil etish nazarda tutilgan. Yoʻl qoplamasida polimer bilan modifikatsiyalangan bitum va mustahkam chaqiqtosh asosidagi shagʻal-mastikali asfaltbetondan foydalanish belgilangan.





