Ostona shahrida TDTning OAV va axborot uchun masʼul vazirlar hamda yuqori lavozimli mansabdor shaxslarining 8-uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Uchrashuv ishtirokchilari sunʼiy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi sharoitida axborot siyosatini takomillashtirishning dolzarb masalalarini, shuningdek, TDTga aʼzo davlatlar oʻrtasida media va axborot kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning ommaviy axborot vositalari va axborot masalalari uchun masʼul vazirlar hamda yuqori lavozimli mansabdor shaxslarining 8-uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv "Sunʼiy intellekt davrida TDTga aʼzo davlatlarning axborot siyosati" mavzusiga bagʻishlandi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi direktori Qobuljon Ahmedov Oʻzbekiston vakili sifatida ishtirok etdi.

Uchrashuv ishtirokchilari sunʼiy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi sharoitida axborot siyosatini takomillashtirishning dolzarb masalalarini, shuningdek, TDTga aʼzo davlatlar oʻrtasida media va axborot kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

Media sohasini rivojlantirish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda turkiy dunyo davlatlarining tegishli idoralari va tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.


Uchrashuv doirasida TDTning 2027 yilga moʻljallangan OAV va axborot sohasidagi Harakatlar rejasi tasdiqlandi, vazirlar va yuqori lavozimli mansabdor shaxslarning navbatdagi, 9-uchrashuvini oʻtkazish joyi va muddatlari belgilandi hamda yakuniy kommyunike qabul qilindi.






