Namangandagi yashirin dori omborlarida 5,2 mlrd soʻmlik mahsulotlar aniqlandi
Jami 46 865 dona, jumladan, “Erinit”, “Gemaza”, “Fenotropil” kabi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Kontrafakt dori vositalari savdosiga chek qoʻyish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona hamda Ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir davomida Namangan shahrida yashovchi, 2002, 1997 va 1987 yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro oʻzaro til biriktirgan holda, 5 ta xonadonda yashirin omborlar tashkil etib, tegishli sifat sertifikatiga ega boʻlmagan katta miqdordagi dori vositalarini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlandi.
Natijada, xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan va noqonuniy yoʻllar bilan olib kelingan 287 turdagi, jami 46 865 dona, jumladan, “Erinit”, “Gemaza”, “Fenotropil” kabi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ularning dastlabki taxminiy qiymati 5,2 mlrd soʻmga teng.
Hozirda ushbu dori vositalariga nisbatan sudga oid kimyoviy, tovarshunoslik ekspertizasi tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.





