platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Iqtisod

Peshlavhani reklamaga tenglashtirish toʻxtatildi

Oʻzbekistonda tadbirkorlar oʻzlari egallab turgan bino peshtoqiga korxona nomi va faoliyat turini yozish uchun reklama joyi pasportini rasmiylashtirishi shart emas. Hukumat qarori bilan bunday peshlavhalar tashqi reklama hisoblanmaydigan boʻldi.

Peshlavhani reklamaga tenglashtirish toʻxtatildi
Foto: Chilonzor tumani hokimligi

Toshkent shahrida koʻplab tadbirkorlarda norozilik uygʻotgan peshlavha muammosi bartaraf qilindi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 13 oktabrdagi 563-son qarori bilan tashqi reklamani joylashtirish, reklama joyi pasportini rasmiylashtirish va reklama konstruksiyalarini demontaj qilish tartiblariga oʻzgartirishlar kiritildi.

Yangi tartibga koʻra, tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etildi.

1. Doʻkon va ofis peshlavhalari uchun reklama pasporti talab qilinmaydi

Tadbirkorlik subʼekti oʻzi foydalanayotgan bino yoki inshootning tashqi tomonida, kirish qismida joylashtirgan nomi va faoliyat turi haqidagi axborot tashqi reklama hisoblanmaydi.

Bu qoida firma nomi, tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisiga ham taalluqli. Bunday axborot uchun reklama joyi pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.

2. Avtomobillarga reklama joylashtirish soddalashtirildi

Yuridik shaxslar oʻzlariga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli boʻlgan avtomobillarga oʻz tovar belgisi, faoliyat turi, ishlab chiqaradigan mahsulotlari yoki koʻrsatadigan xizmatlari haqidagi maʼlumotlarni soddalashtirilgan tartibda joylashtirishi mumkin.

Buning uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali elektron shaklda xabarnoma yuboriladi.

Xabarnoma qabul qilingach, reklama joyining pasporti avtomatik ravishda shakllantiriladi. Buning uchun yigʻim undirilmaydi.

Agar xabarnomada notoʻgʻri maʼlumotlar yoki boshqa shaxslarga tegishli tovar belgilari aniqlansa, reklama joyi pasporti bekor qilinadi. Bu haqda yuridik shaxsga asoslantirilgan xat yuboriladi.

3. Reklama pasportini onlayn bekor qilish mumkin

Tadbirkor reklama joyi pasportidan ixtiyoriy ravishda voz kechmoqchi boʻlsa, YIDXP orqali ariza yuborishi mumkin. Tegishli maʼlumotlar soliq organlariga avtomatik ravishda yetkaziladi.

4. Vaqtinchalik reklama uchun muddatlar belgilandi

Qarorga muvofiq, ayrim vaqtinchalik reklama obʼektlari uchun aniq muddatlar belgilangan:

Qurilish obʼektlaridagi reklama — qurilish ishlari tugaguniga qadar joylashtirilishi mumkin.

Bayramlar va tadbirlar uchun reklama — 30 kungacha joylashtirilishi mumkin.

5. «Dizayn-kod»ni oʻzgartirish tartibi belgilandi

Hududlarning tashqi koʻrinishi va reklama joylashtirilishiga oid dizayn-kod boʻyicha qarorlar jamoatchilik muhokamasidan, jumladan, regulation.gov.uz portali orqali muhokamadan oʻtkazilgandan keyin qabul qilinadi.

Qarorlar eʼlon qilinganidan uch oy oʻtgach kuchga kiradi. Bunda roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgilaridan foydalanish imkoniyati saqlanishi shart.

Shuningdek, Toshkent shahrining dizayn-kodi 10 dekabrgacha tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida muhokama qilinishi belgilangan.

6. Reklama konstruksiyalarini demontaj qilish tartibi aniq belgilandi

Majburiy demontaj jarayoni quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Ikki kun oldin ogohlantirish: demontajning sanasi va vaqti haqida veb-saytda eʼlon beriladi, obʼekt egasiga esa yozma xabar yuboriladi.

Belgilangan ish vaqti: demontaj faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi.

Dalolatnoma tuzish: demontaj vaqtida obʼekt egasi ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Unda sana, vaqt, demontaj sababi, fotosuratlar va konstruksiya saqlashga yuborilgan manzil koʻrsatiladi.

Yozma xabardor qilish: tadbirkorga tegishli qaror va xabarnomalar uning yuridik manziliga ham yozma ravishda yuboriladi.

7. Tashqi reklama ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi

Tashqi reklama obʼektlarining joylashtirilishi ustidan jamoatchilik nazorati «Xalq nazorati» elektron portali orqali amalga oshiriladi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid