platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Madaniyat

Alisher Navoiy muzeyi binosi boshqa tashkilotga berib yuborilayotgani izohlandi

​Ushbu obʼektning boshqa foydalanuvchiga oʻtkazilishi uning “Madaniy meros obʼekti” maqomini mutlaqo oʻzgartirmasligi maʼlum qilindi. Ayni paytda binoda 4,6 milliard soʻmlik fasad taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. 

Alisher Navoiy muzeyi binosi boshqa tashkilotga berib yuborilayotgani izohlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi faoliyati tugatilayotgani, uning binosi sirli ravishda boshqa tashkilotga berib yuborilayotgani hamda madaniy meros obʼektlariga zarar yetkazilish xavfi borligi haqida mmaʼlumotlar tarqaldi.

Madaniy meros agentligi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi binosining (asliyatda — “Rus yosh tomoshabinlar teatri binosi”) Davlat yoshlar teatriga biriktirilishi va fondlarning koʻchirilishi yuzasidan yuzaga kelgan savollarning huquqiy va faktologik asoslarini toʻliq ochib berish maqsadida oʻrganish ishlari olib borgan.

Aytilishicha, ​Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, A. Navoiy koʻchasi, 69-uy manzilida joylashgan ushbu obʼekt Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlari milliy rӯyxatiga (Toshkent shahar boʻlimi, 12-band) kiritilgan boʻlib, davlat muhofazasiga olingan.

​Ushbu obʼektning boshqa foydalanuvchiga oʻtkazilishi uning “Madaniy meros obʼekti” maqomini mutlaqo oʻzgartirmaydi. “Madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 24-moddasiga muvofiq, moddiy madaniy meros obʼektining foydalanuvchisi yoki mulkdori kim boʻlishidan qatʼi nazar, uning tashqi va ichki koʻrinishini obʼekt pasportiga kiritilgan muhofaza mazmuni maʼlumotlariga muvofiq holda saqlash majburiyati oʻz kuchida qoladi.

Foydalanuvchi oʻzgarishi huquqiy majburiyatlarni bekor qilmaydi, balki yangi foydalanuvchi (teatr) zimmasiga yuklaydi, deyiladi xabarda.

​Mazkur obʼekt tarixan va arxitekturaviy jihatdan “Rus yosh tomoshabinlar teatri binosi” sifatida barpo etilgan boʻlib, Davlat yoshlar teatri uzoq yillardan buyon ushbu majmuaning bir qismida faoliyat yuritib keladi. Bino hukumatning XDFU (Xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori bilan teatrga berilganining sababi — mazkur majmuani yagona madaniy-teatr majmuasi sifatida saqlab qolish va teatrning kengaygan ehtiyojlari (repetitsiya zallari, grim xonalari, dekoratsiya ustaxonalari) uchun sharoit yaratishdir.

​Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi PQ-5150-son qarori 4-bandining toʻrtinchi xatboshisiga muvofiq, “davlat koʻchmas mulki hisoblangan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi”.

Bino madaniy meros obʼektlari roʻyxatida boʻlgani bilan Madaniy meros agentligi balansida emas, balki Fanlar akademiyasi tizimida boʻlgan va balansda saqlovchining taklifi inobatga olinib, Hukumat qarori bilan operativ boshqaruv huquqi asosida Davlat yoshlar teatriga tekin foydalanishga berilgan.

​Bino Hukumatning XDFU (Xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori bilan teatrga berilganining sababi — mazkur majmuani yagona madaniy majmua sifatida saqlab qolishdir.

​Obʼektni taʼmirlash va tiklash loyihasi Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan qatʼiy nazoratga olingan va ikki bosqichga boʻlingan:

​Tashqi fasad loyihasi: Kengashning 2026 yil 18-20 may kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan navbatdagi sayyor yigʻilishining 11-sonli bayoni 55-bandi bilan maʼqullangan. Unga koʻra, binoning tashqi qismini joriy taʼmirlash, tashqi tomondagi deraza romlarini almashtirish hamda bino atrofi hududini “Koʻksaroy” graniti bilan qoplash ishlari belgilangan. Kengash loyihada yoʻqolib ketgan kichik arxitektura elementlarining izlarini qayta tiklash hamda bino tashqi koʻrinishida qatʼiy ravishda RAL 1015 NCS 0510-Y30R rangini qoʻllash shartini qoʻygan. Ushbu 1-bosqich loyiha-smeta hujjatlari 4 612 000 000 (toʻrt milliard olta yuz oʻn ikki million) soʻm etib belgilangan va hozirda ishlar olib borilmoqda.

​Ichki qism va Ch.Ahmarov hamda T.Saʼdullayevning devoriy suratlari (pannolari) taqdiri: Ichki qismni taʼmirlash va restavratsiya qilish masalasi 2-bosqichga kiritilgan. Bu boʻyicha loyiha hujjatlari takomillashtirilmoqda. Agentlik tomonidan ichki zallaridagi betakror devoriy suratlarni va Chingiz Ahmarov qalamiga mansub gʻazallar sujeti aks etgan noyob sanʼat asarlarini koʻchirish mutlaqo imkonsiz deb baholangan. Ular joyida asl holicha saqlanadi va Kengash tomonidan ichki taʼmirlash loyihasi faqat ushbu devoriy suratlarni konservatsiya va restavratsiya qilish sharti bilangina ikkinchi bosqichda koʻrib chiqiladi.

​Muzey fondidan oʻrin olgan noyob eksponatlar Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 20 maydagi 234-F-sonli farmoyishiga asosan, Yangi Toshkent shahrida qurilayotgan zamonaviy bino ishga tushgunga qadar vaqtinchalik xavfsiz saqlash uchun Islom sivilizatsiyasi markazi va Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga koʻchirilmoqda.

​Koʻchirilgan madaniy boyliklarning but saqlanishi uchun ushbu muassasalar rahbariyati, binoning moddiy daxlsizligi va restavratsiya jarayonlarining qonuniyligi uchun esa PQ-5150-son qarorning 3 va 16-bandilariga muvofiq, Madaniy meros agentligi bevosita shaxsiy va yuridik javobgardir.

​Agentlik mazkur binoda olib borilayotgan 4,6 milliard soʻmlik fasad taʼmirlash ishlarining har bir bosqichini, ayniqsa, ikkinchi bosqichdagi ichki zallari va Chingiz Ahmarov merosi nazoratini oʻz zimmasiga oladi va qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻymaydi.

"​Biz jamoatchilik nazoratini olqishlaymiz va tarixiy binolarimizni asrab-avaylash uchun barcha huquqiy, maʼmuriy va sud organlari darajasidagi choralarni koʻrishga tayyormiz.

​Agentlik sohaga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha oʻziga berilgan vakolatlar doirasida ushbu obʼekt ustidan monitoring nazoratini davom ettiradi", deyiladi rasmiy munosabatda.

​“Oʻzbekistonning hech bir tarixiy binosi va hech bir madaniy meros obʼekti tijorat yoki boshqa yot manfaatlar qurboniga aylanmasligi kerak. Binoning Yoshlar teatriga topshirilishi uning davlat muhofazasidan chiqarilishini anglatmaydi va bundan tashqari, uni buzishga ham huquq bermaydi. Madaniy meros obʼekti maqomi hamda uni saqlash boʻyicha qonunda belgilangan barcha talablar oʻzgarishsiz qoladi. Biz ushbu tamoyilni izchil himoya qilamiz”, — deydi Elmurod Najimov, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi rahbarining birinchi oʻrinbosari.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid