Toshkent tumani hokimi oʻrinbosari 25 ming dollar olayotganda ushlandi
U tadbirkorga hokimlik balansida boʻlgan 1 gektar yer maydonini auksionga chiqarib, olib berishini aytgan.

Toshkent viloyati Toshkent tumani hokimi oʻrinbosari pora bilan qoʻlga olindi.
U tadbirkorga qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarish sanoat majumasi tashkil etishi uchun tuman hokimligi balansida boʻlgan 1 gektar yer maydonini davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali auksion savdolarga chiqarib, olib berish evaziga 25 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokim oʻrinbosari soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “g” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





