Taksi narxlari oshishi boʻyicha oʻrganish ishlari boshlandi
Soʻnggi kunlarda yirik taksi agregatorlari faoliyatida kuzatilayotgan texnik nosozliklar oqibatida boshqa raqobatchi boʻlgan agregatorlarda ham taksi xizmati qimmatlab ketgan eʼtirozlarga sabab boʻldi.

Oʻzbekistonda taksi agregatorlarining xizmat narxlari va insofsiz raqobatni amalga oshirishi alomatlari boʻyicha oʻrganishlar boshlandi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Soʻnggi kunlarda yirik taksi agregatorlari faoliyatida kuzatilayotgan texnik nosozliklar oqibatida boshqa raqobatchi boʻlgan agregatorlarda ham taksi xizmati narxlari tigʻiz vaqtlarda bir necha barobargacha qimmatlashgani jamoatchilik eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qoʻmitasi tomonidan taksi agregatorlarining xizmat narxlari va insofsiz raqobatni amalga oshirishi alomatlari boʻyicha oʻrganishlar boshlangan.
Oʻrganish davomida taksi xizmatlari narxlarining oshirilishi asosliligi hamda raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan taksi agregatorlaridan:
dasturda taksi xizmatlari narxlarini shakllantiruvchi algoritm sozlamalarini qayta koʻrib chiqish va narxlar keskin va sunʼiy tarzda oshishining oldini olish;
haydovchilarning mablagʻlarini oʻz hisoblariga oʻtkazishda vujudga kelgan nosozliklarni bartaraf etish;
asossiz bloklangan haydovchilarni blokdan chiqarish choralarini koʻrish;
haydovchilar tomonidan bajarilgan buyurtmalar uchun toʻlab berilishi koʻzda tutilgan barcha bonuslarni qayta hisob-kitob qilib, toʻlab berish;
“Raqobat toʻgʻrisidagi” Qonun talablaridan kelib chiqqan holda xoʻjalik yurituvchi subʼektlar yoki ularning manfaatlarini koʻzlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirmaslik;
haydovchilar va isteʼmolchilar uchun 24 soat ishlaydigan texnik yordam koʻrsatish markazlarini uzluksiz faoliyatini taʼminlash.
Bildirilishicha, raqobat muhitidagi har qanday harakat isteʼmolchilar manfaatlariga zid boʻlmasligi, xizmatlar narxi va sifati esa adolatli hamda shaffof tamoyillarga asoslanishi lozim.
“Qoʻmita agregatorlar tomonidan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi yoki isteʼmolchilar huquqlari poymol etilganligi aniqlangan taqdirda, oʻrnatilgan tartibda tekshirish oʻtkazilishi va qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrilishini maʼlum qiladi”, deyiladi xabarda.





