Soxta bank qoʻngʻiroqlari orqali 8 mln dollar oʻzlashtirgan guruh aniqlandi — guruhda kiberxavfsizlik xodimi ham bor
Ular noqonuniy GSM-shlyuz qurilmalaridan foydalangan va pul mablagʻlarini kripto-aktiv koʻrinishida chet elga chiqarish bilan shugʻullangan.

Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida DXX Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazildi.
Natijada noqonuniy GSM-shlyuz qurilmalaridan foydalanib, soxta Call-markaz tashkil qilgan hamda firibgarlik orqali oʻzlashtirilgan pul mablagʻlarini kripto-aktiv koʻrinishida chet elga chiqarish bilan shugʻullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.
Xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi, 1989–2005 yillar oraligʻida tugʻilgan 5 nafar shaxs Mirobod tumanidagi noturar binoni ijraga olib, soxta Call-markaz tashkil etishgan.
Guruh bilan aloqador boʻlgan, 1989 y.t. fuqaro esa oʻzganing yashash xonadonini ijaraga olib, Call-markaz faoliyatida foydalanish maqsadida ushbu manzilga GSM-shlyuz qurilmasini oʻrnatgan.
Toshkent viloyatida yashovchi, 1979 y.t., muqaddam sudlangan shaxs rahbarlik qilgan jinoiy guruh aʼzolari orasida nufuzli banklardan birining bosh ofisi kiberxavfsizlik boʻlimi ishchisi ham boʻlgan.
Guruh aʼzolari turli banklar nomidan fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, goʻyoki ularning nomiga firibgarlar tomonidan kredit olishga urinish boʻlayotganligini aytib, aldov yoʻli bilan jabrlanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritish orqali, ularning bank kartalaridagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirishgan hamda nomlariga onlayn kreditlar rasmiylashtirishgan.
Natijada jinoiy yoʻl bilan topilgan jami 8 mln AQSh dollari miqdoridagi pul mablagʻlarini kriptovalyuta koʻrinishida soxta MChJ orqali xorijiy davlatga olib chiqib, legallashtirishgan.
Qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov jarayonida ularga aloqador boʻlgan 10 nafar shaxs aniqlandi.





