Istanbul suv ostida: kuchli yogʻingarchilik sabab shaharda keskin vaziyat yuzaga keldi
Istanbul viloyati gubernatori Dovut Gul aholiga shoshilinch ogohlantirish berdi. Xavfli vaziyat tufayli Istanbuldagi barcha taʼlim muassasalarida darslar bekor qilindi.

Turkiyaning eng yirik megapolisi boʻlgan Istanbulda kuchli yomgʻir yogʻdi. Shahar koʻchalari shiddatli daryolarga aylanib, mashinalar, yer osti yoʻlaklari hamda turar-joy binolarini suv bosdi.
TRT Haber nashrining xabar berishicha, maktablar yopildi va rasmiylar aholidan uyda qolishni soʻrashmoqda.
Shaharga boʻron yopirildi va u davom etmoqda. Kuchli suv oqimlari asosiy yoʻllardagi transport harakatini toʻsib qoʻydi, tunnellar, yertoʻlalar va turar-joy hamda tijorat binolarining birinchi qavatlarini suv bosdi. Xavfli vaziyat tufayli Istanbuldagi barcha taʼlim muassasalarida darslar bekor qilindi.
Istanbul viloyati gubernatori Dovut Gul aholiga shoshilinch ogohlantirish berdi. Uning soʻzlariga koʻra, kuchli yomgʻir, ayniqsa shaharning Anadolu (Osiyo) tomonida davom etadi.
"Yomgʻir paytida juda ehtiyot boʻlishingizni soʻraymiz. Iloji boʻlsa, uyda qoling va shaxsiy transport vositalaridan foydalanmang. Yertoʻlalar, suv bosgan yoʻlaklar, daryo oʻzanlari va koʻchki xavfi yuqori boʻlgan joylardan saqlaning", deb taʼkidladi Gul.
Megapolisda favqulodda xizmatlar yuqori darajadagi tayyorgarlik holatiga keltirildi, 378 ta tez tibbiy yordam brigadasi va beshta milliy tibbiy qutqaruv guruhi (UMKE) navbatchilik qilmoqda.
Afsuski, qurbonlar boʻlgan. Toshqin natijasida 14 yoshli bola vafot etdi. Tashqarida boʻlgan bola tasodifan ochiq elektr simlari boʻlgan suv bosgan koʻlmakka tushib qoldi va kuchli elektr toki urdi. Bola hushidan ketgan holda shifoxonaga olib ketildi, ammo shifokorlar uni qutqara olishmadi.
Sinoptiklar va favqulodda xizmatlar vaziyatni kuzatishda davom etmoqda, turk qutqaruvchilari esa eng koʻp zarar koʻrgan hududlarda suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish ustida ishlamoqda.





