Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy adabiyot muzeyining koʻchirilishiga izoh berdi
Muzey fondlarini vaqtincha saqlash joylariga koʻchirish ishlari nodir manbalarning butligi va xavfsizligini taʼminlash hamda ularni xatlovdan oʻtkazish maqsadida amalga oshirilmoqda. 2026 yil 9 iyun kuni muzey fondida saqlangan 847 nomdagi nodir qoʻlyozma Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonasiga joylashtirilgan.

Poytaxtdagi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyining koʻchirilishi tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgandi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi adabiyot muzeyining koʻchirilishi, faoliyatining vaqtincha toʻxtatilishi hamda mavjud binosidan kelgusida foydalanish masalalari yuzasidan rasmiy munosabat eʼlon qildi.
Aytilishicha, muzey fondlarini vaqtincha saqlash joylariga koʻchirish ishlari nodir manbalarning butligi va xavfsizligini taʼminlash hamda ularni xatlovdan oʻtkazish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2026 yil 9 iyun kuni muzey fondida saqlangan 847 nomdagi nodir qoʻlyozma Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonasiga joylashtirilgan. Topshirish-qabul qilish ishlari masʼul komissiya ishtirokida amalga oshirilgan.
Akademiya fondlarni birlamchi xatlovdan oʻtkazish jarayonida dastlabki hisob maʼlumotlari bilan mavjud ashyolar soni oʻrtasida ayrim tafovutlar aniqlanganini ham bildirdi. Jumladan, nodir qoʻlyozmalar soni 831 ta oʻrniga 847 ta, toshbosma nashrlar 1 334 ta oʻrniga 1 491 ta, yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallar esa 173 ta oʻrniga 189 ta ekani qayd etilgan.
Hozirda ushbu tafovutlarning sabablarini aniqlash uchun hisob hujjatlari, inventar kitoblari va fond roʻyxatlari solishtirilmoqda. Fanlar akademiyasi muzey tashrif buyuruvchilar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilganini tasdiqladi. Biroq muassasa xodimlari faoliyatini davom ettirayotgani, fondlarni xatlovdan oʻtkazish va muzey ashyolarini muhofaza qilish ishlari olib borilayotgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, Yangi Toshkentda barpo etilishi rejalashtirilgan yangi bino foydalanishga topshirilgach, muzey fondlarini u yerga koʻchirish va muassasa faoliyatini davom ettirish koʻzda tutilgan. Muzeyning hozirgi binosidan kelgusida foydalanish masalasi esa tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartib va qabul qilingan qarorlar asosida hal etilishi bildirilgan.





