Chirchiq daryosiga kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oqova suvlar oqizilgani maʼlum boʻldi
Ijtimoiy tarmoqlarda daryoda qizil suv oqayotganligi toʻgʻrisida murojaat tarqaldi. Chirchiq shahar oqova suv tozalash inshooti biologik tozalashga ixtisoslashgan boʻlsa-da, boʻyoq ishlatadigan toʻqimachilik va kimyoviy moddalardan foydalanadigan korxonalarning belgilangan meʼyorlardan yuqori darajada ifloslangan oqova suvlarini qabul qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq daryosida qizil suv oqayotganligi toʻgʻrisida murojaat tarqaldi.
Holat yuzasidan Ekologiya qoʻmitasi Ekologiya politsiyasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Toshkent viloyati suv taʼminoti” AJ Chirchiq shahar oqova suv tozalash inshootida Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor etish orqali 14 sentabrdan 23 sentabrgacha 10 kun muddatda tekshirish oʻtkazildi.
Tekshiruv davomida maʼlum boʻldiki, Chirchiq shahar oqova suv tozalash inshooti biologik tozalashga ixtisoslashgan boʻlsa-da, boʻyoq ishlatadigan toʻqimachilik va kimyoviy moddalardan foydalanadigan korxonalarning belgilangan meʼyorlardan yuqori darajada ifloslangan oqova suvlarini qabul qilgan. Ustiga-ustak, oqova suvlarni tozalash jarayonlaridan biri boʻlgan aeratsiya va choʻkindilarni tindirish tizimida nosozliklar yuzaga kelganligi sababli tozalash inshooti samaradorligi 27,7 foizni tashkil etgan.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 11-son qaroriga koʻra, boʻyoq va biologik tozalash jarayoniga toʻsqinlik qiluvchi zararli moddalar bilan ifloslangan oqova suvlarni oldindan tozalamasdan kommunal kanalizatsiya tizimiga oqizish taqiqlanadi. Bunday holatlar aniqlanganda, oqova suvlarni kanalizatsiyaga oqizish darhol toʻxtatilishi shart.
Shuningdek, Boʻstonliq tumani Gʻazalkent shaharchasidan qabul qilinayotgan oqova suvlar Chirchiq shahar oqova suv tozalash inshootiga tozalash uchun tashlanmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri Chirchiq daryosiga oqizilayotganligi maʼlum boʻldi. Holat yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi 202-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 17-bandiga asosan kompensatsiya hisob-kitob qilindi.
Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi 202-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 22-bandiga muvofiq, kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha 2025 yil III chorak — 2026 yil II choraklari uchun hisobot topshirmaganligi uchun kompensatsiya hisob-kitob qilindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–343-son qarori 6-bandiga asosan fon monitoring stansiyasi oʻrnatilmaganligi uchun ham kompensatsiya belgilandi.
Jamiyat vakillari tekshirish yakuni boʻyicha tuzilgan dalolatnoma bilan tanishtirib chiqildi. Biroq “Toshkent viloyati suv taʼminoti” AJ Chirchiq shahar oqova suv tozalash inshootida olib borilgan tekshiruv natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnomaga jamiyat rahbari imzo qoʻyishdan bosh tortdi.
Hozirda aniqlangan qonunbuzarlik boʻyicha toʻplangan hujjatlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish uchun taqdim etildi va hisoblangan kompensatsiya toʻlovlarini undirish maqsadida tegishli iqtisodiy sudga daʼvo arizasi kiritish ishlari olib borilmoqda.





