Akramjon Fozilov Prezident maslahatchisi birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi
U avval Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlayotgandi.

Prezident Administratsiyasi Rahbarining farmoyishi bilan Akramjon Murodjon oʻgʻli Fozilov Oʻzbekiston Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi.
Akramjon Fozilov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar fakultetini tamomlagan, Vena (Avstriya) va Gent universitetlarida (Belgiya) tahsil olgan.
Avval Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori sifatida ham faoliyat yuritgan.





