platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Xitoydan yuborilgan joʻnatma ortidan yashirin narkolaboratoriya fosh etildi

​Hujjatlarga koʻra, joʻnatmada oziq-ovqat mahsulotlariga qoʻshiladigan rangli qoʻshimchalar borligi koʻrsatilgan edi. Biroq yuk tarkibida qariyb 25 kg “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi mavjudligi aniqlandi.

Xitoydan yuborilgan joʻnatma ortidan yashirin narkolaboratoriya fosh etildi

​Oddiy joʻnatma ortidan yashirin narkolaboratoriya fosh boʻldi.

​“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari va “Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan Xitoydan yuborilgan kurerlik joʻnatmasi bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

​Hujjatlarga koʻra, joʻnatmada oziq-ovqat mahsulotlariga qoʻshiladigan rangli qoʻshimchalar borligi koʻrsatilgan edi. Biroq tekshiruv davomida oq rangli kristallsimon kukun aniqlandi.

​Bojxona qoʻmitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi ekspertizasi xulosasiga koʻra, joʻnatma tarkibida qariyb 25 kilogramm “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi mavjudligi maʼlum boʻldi.

​Ammo bu hali voqeaning hammasi emas edi. Bojxona xodimlari tomonidan DXX va IIV vakillari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ​mazkur joʻnatma ortidagi jinoiy zanjir ham fosh etildi.

​Aniqrogʻi, ushbu yuklar “Telegram” ijtimoiy tarmogʻidagi “ALTAIR” nomli akkaunt orqali Guliston shahrida yashovchi 2 nafar fuqaro nomiga yuborilgan. Tezkor tadbir davomida ushbu shaxslar Toshkent shahrida kurerlik joʻnatmasini qabul qilib olayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

​Shundan soʻng tezkor tadbir Guliston shahrida davom ettirilib, gumonlanuvchi shaxslarning yashash xonadonlari koʻzdan kechirildi. Natijada u yerda 8 ming dona boʻsh kapsula, 300 dona qoʻlbola usulda tayyorlangan kapsula, ikki dona elektron tarozi, besh juft tibbiy qoʻlqop hamda 5 kilogramm “mefedron” giyohvandlik vositasiga oʻxshash modda aniqlandi.

​Eng tashvishli jihati, tezkor tadbir davomida nafaqat kuchli taʼsir qiluvchi moddalar joʻnatmasi, balki yashirin narkolaboratoriya tashkil etishga urinish bilan bogʻliq holat ham fosh boʻldi.

​Eʼtiborli tomoni shundaki, ushbu ishlar endigina 20-21 yoshga kirgan, Guliston shahrida yashovchi yosh yigitlar tomonidan amalga oshirilgan. Yaʼni uyushgan jinoiy guruh oʻz faoliyatini internet tarmogʻida “SIMBIOZ” nomli narkodoʻkonida olib borgan.

​Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid