Samarqandda Turkiyadan keltirilgan qalbaki dollarlarni sotmoqchi boʻlganlar ushlandi
Uch nafar fuqaro 100 AQSh dollari nominalidagi qalbaki banknotlardan iborat jami 7,4 ming AQSh dollarini shartli xaridorga 44 mln soʻmga sotayotgan boʻlgan.

Samarqandda qalbaki dollar savdosi fosh etildi. Bu haqda DXX Platina.uzʼga maʼlum qildi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Samarqand shahrida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda qalbaki xorijiy valyutani muomalaga kiritishga uringan shaxslar qoʻlga olindi.
Xususan, Toyloq tumanida yashovchi, 1996, 2002 va 2003 yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro 100 AQSh dollari nominalidagi qalbaki banknotlardan iborat jami 7400 AQSh dollarini shartli xaridorga 44 mln soʻmga sotgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Aniqlanishicha, qonunbuzarlarning 2 nafari muqaddam sudlangan boʻlib, qalbaki kupyurlar esa Turkiyadan olib kelingan.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, ushbu noqonuniy ishga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha choralar koʻrilmoqda.





