platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Tahlil

Zelenskiy atrofidagi siyosiy inqiroz: kurash tinchlik uchunmi yoki hokimiyat uchun?

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga yangi prezident kerakligini ochiq aytdi. U Vladimir Zelenskiyni Rossiya bilan tinchlikka erishish imkoniyatlaridan foydalanmaganlikda, shuningdek, Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar orqali jahon yoqilgʻi bozoridagi vaziyatni ogʻirlashtirishda aybladi. Bu bayonotlar Trampning Vladimir Putin bilan Rossiya dizelini AQSh va xalqaro bozorlarga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishganini eʼlon qilishi ortidan yangradi.

Zelenskiy atrofidagi siyosiy inqiroz: kurash tinchlik uchunmi yoki hokimiyat uchun?

11 oktabrda Zelenskiy esa ABC News telekanaliga bergan intervyusida Rossiya 60 kunlik toʻliq oʻt ochmaslik rejimiga rozi boʻlsa, Ukrainada prezidentlik saylovlarini oʻtkazishga tayyorligini bildirdi. U Trampni Putindan shunday kafolat olishga chaqirdi. Biroq 12 oktabrda Kreml bu taklifni rad etdi. Dmitriy Peskov Moskva vaqtinchalik sulh emas, uzoq muddatli tinchlik tarafdori ekanini taʼkidladi.

Xoʻsh, Vashington va Moskva Ukrainada demokratik saylovlar oʻtkazilishini istayaptimi yoki bu masala Zelenskiyga siyosiy bosim oʻtkazish vositasiga aylanmoqdami?

Trampning maqsadi: tinchlikmi yoki iqtisodiy manfaat?

Tramp va Putinning Zelenskiyga nisbatan manfaatlari ayrim masalalarda mos kelishi mumkin. Biroq ularning strategik maqsadlari bir xil emas. Tramp uchun Ukraina masalasi AQSh ichki siyosati, yoqilgʻi narxlari va diplomatik natijalar bilan bogʻliq. 3 noyabrda Kongressga oraliq saylovlar oʻtkazilishi kutilmoqda. Ayni paytda Amerikada dizel qimmatlashgan. Reuters maʼlumotiga koʻra, 8 oktabrda uning oʻrtacha chakana narxi bir gallon uchun 6,28 dollarga yetgan. Bunday sharoitda Rossiya bilan yoqilgʻi kelishuvi Trampga iqtisodiy muammolarni hal qilishga qodir rahbar sifatida koʻrinish imkonini beradi.

9 oktabrda u Rossiya dastlab 300 ming tonnadan ortiq dizel yetkazib berishini, keyingi partiyalar bilan umumiy hajm 4,8 million tonnagacha yetishi mumkinligini maʼlum qildi. AQSh Moliya vazirligi Rossiya dizelini 2027 yil 7 aprelgacha import qilishga ruxsat berdi. Kelishuvdan keyin dizel fyucherslari qariyb 5 foizga arzonlashdi. Biroq bu narxlar uzoq muddat pasayishini kafolatlamaydi. Natija qanday boʻlishi Rossiyaning ishlab chiqarish quvvati, yetkazib berish imkoniyatlari va bozor sharoitiga bogʻliq.

Moskva uchun kelishuv iqtisodiy foydadan tashqari, Vashington bilan toʻgʻridan-toʻgʻri munosabatlarni mustahkamlash imkoniyati hamdir. Shu bilan birga, Tramp va Putin Zelenskiyni hokimiyatdan chetlatish boʻyicha maxfiy kelishuvga erishganini tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud emas.

Rossiya dizeli va Ukraina zarbalari

Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar orqali uning iqtisodiy va harbiy salohiyatini cheklashga intilmoqda.

Ukraina Mudofaa vazirligining 4 oktabrdagi maʼlumotiga koʻra, Rossiya neftni qayta ishlash quvvatlarining 51 foizdan ortigʻi turli darajada ishdan chiqarilgan. Biroq bu raqamni ehtiyotkorlik bilan baholash zarur. Chunki vaqtincha toʻxtagan zavod bilan butunlay vayron boʻlgan korxona bir xil maqomda emas.

Tramp Ukraina zarbalarini tanqid qilib, ularni toʻxtatishni talab qildi. Financial Times maʼlumotiga koʻra, Vashington bu masalada Kiyev va Yevropa davlatlariga bosim oʻtkazgan. Zelenskiy esa oʻz shartini ilgari surmoqda: Ukraina Rossiya energetika obʼektlariga zarbalarni toʻxtatishi uchun Moskva ham Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni toʻxtatishi kerak.

Putinga Zelenskiyning ketishi nima uchun kerak?

Zelenskiy Rossiyaning keng koʻlamli bosqiniga qarshilik, Gʻarb bilan hamkorlik va Ukraina hududiy yaxlitligini himoya qilish siyosati bilan bogʻliq rahbardir.

Moskva uchun Ukrainada rahbar almashishi hududlar, NATO bilan munosabatlar va xavfsizlik kafolatlari boʻyicha qulayroq kelishuvga erishish imkoniyatini yaratishi mumkin.

Biroq yangi prezident Rossiya talablarini avtomatik qabul qiladi, degan xulosa notoʻgʻri. Rating Group ijtimoiy fikrni oʻrganish markazining oktabr oyida oʻtkazgan soʻroviga koʻra, ukrainaliklarning 57 foizi muzokaralar orqali murosa izlashni qoʻllab-quvvatlagan. 56 foizi hududiy yon berishlarni faqat ishonchli xavfsizlik kafolatlari mavjud boʻlganda mumkin deb hisoblagan. 68 foizi esa bunday qarorlar referendum orqali qabul qilinishi kerakligini bildirgan. Bu natijalar ukrain jamiyati tinchlikni istashini, ammo xavfsizlik kafolatlarisiz kelishuvdan xavotirda ekanini koʻrsatadi.

Zelenskiyning prezidentlik vakolati qonuniymi?

Zelenskiyning besh yillik prezidentlik muddati 2024 yil mayida tugagan. Ammo Ukraina Konstitutsiyasining 108-moddasiga koʻra, amaldagi prezident yangi saylangan rahbar lavozimga kirishguniga qadar vazifasini bajaradi.

Harbiy holat toʻgʻrisidagi qonunning 19-moddasi esa urush sharoitida prezidentlik saylovlarini oʻtkazishni taqiqlaydi. Ukrainada harbiy holat 2026 yil 31 oktabrgacha uzaytirilgan.

Saylovlarni tashkil etishda jiddiy amaliy muammolar ham bor. Eurostat maʼlumotiga koʻra, 2026 yil iyul oxirida YeI davlatlarida 4,43 million ukrainalik vaqtinchalik himoya maqomiga ega boʻlgan. Bundan tashqari, okkupatsiya qilingan hududlardagi fuqarolar va frontdagi harbiylarning ovoz berishini taʼminlash murakkab. Shu sabab 60 kunlik sulhning oʻzi barcha huquqiy va tashkiliy muammolarni hal qilmaydi.

Ukrainaliklar kimni qoʻllab-quvvatlamoqda?

Rating Group markazining 3–5 oktabrda oʻtazgan soʻrovida siyosiy yetakchilarga ishonch quyidagicha taqsimlangan:

Valeriy Zalujniy — 64%, Vladimir Zelenskiy — 53%, Kirill Budanov — 53%, Mixail Fedorov — 38%, Pyotr Poroshenko — 24% “ovoz olgan.

Bu koʻrsatkichlar saylovdagi ovozlar emas, balki siyosatchilarga ishonch darajasidir.

Kiyev xalqaro sotsiologiya institutining sentabr soʻrovida ishtirokchilarning 53 foizi Zelenskiy qayta nomzod boʻlmasligi kerakligini bildirgan. Biroq 71 foizi hozir saylov oʻtkazishga qarshi chiqqan.

Zelenskiyning asosiy ehtimoliy raqibi - sobiq bosh qoʻmondon, hozir Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Valeriy Zalujniy hisoblanadi. Budanov, Fedorov va Poroshenko ham siyosiy muqobillar sifatida tilga olinmoqda. Ammo shaxsiy mashhurlik prezidentlik saylovida gʻalabani kafolatlamaydi. Nomzodlarning siyosiy dasturi, boshqaruv qobiliyati va tinchlik muzokaralaridagi pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.

Gʻarb Zelenskiyni qoʻllab-quvvatlaydimi?

11 oktabrda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Zelenskiyni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Germaniya ham Kiyevga yordam siyosati davom etishini tasdiqladi.

AQShda esa Trampning Rossiya dizeli boʻyicha kelishuvi hamma tomondan qoʻllab-quvvatlanmadi. Yetti nafar senator import qarorining qonuniyligini qayta koʻrib chiqishga chaqirdi.

Biroq Yevropaning siyosiy qoʻllab-quvvatlashi AQSh harbiy texnologiyalari, razvedka maʼlumotlari va qurol yetkazib berish imkoniyatlarini toʻliq qoplay olmaydi. Shu bois Vashington bilan munosabatlarning yomonlashishi Ukraina uchun jiddiy xavfdir.

Zelenskiy ketsa urush tugaydimi?

Zelenskiyning hokimiyatdan ketishi urush avtomatik tugashini anglatmaydi. Yangi prezident ham hududiy nizolar, Rossiya talablari, tashqi harbiy yordam va xavfsizlik kafolatlari muammosiga duch keladi.

Voqealar uch yoʻnalishda rivojlanishi mumkin:

1.Zelenskiy hokimiyatda qoladi. Harbiy holat va barqaror sulh yoʻqligi sabab saylovlar kechiktiriladi.

2. Sulh va saylovlar boʻyicha kelishuvga erishiladi. Zarur huquqiy va xavfsizlik sharoitlari yaratilib, prezidentlik saylovlari oʻtkaziladi.

3. Tashqi bosim kuchayadi. AQSh bilan ziddiyatlar, yordam qisqarishi va ichki siyosiy raqobat mamlakat barqarorligiga xavf tugʻdiradi.

Bu ssenariylarning qay biri amalga oshishi urushning borishi, xalqaro muzokaralar va Ukraina jamiyatining pozitsiyasiga bogʻliq.

Xulosa

Zelenskiy atrofidagi siyosiy inqiroz faqat bir prezidentning hokimiyatda qolishi yoki ketishi haqidagi bahs emas. Uning markazida AQShning iqtisodiy manfaatlari, Rossiyaning geosiyosiy maqsadlari va Ukrainaning mustaqil kelajagi turibdi.

Tramp uchun tezkor diplomatik natija, Putin uchun qulayroq kelishuv, Ukraina uchun esa uzoq muddatli xavfsizlik muhim.

Asosiy savol Zelenskiyning oʻrnini kim egallashida emas, balki urush qanday shartlarda tugashi va Ukraina kelajagini kim belgilashida. Barqaror tinchlik faqat siyosiy yetakchilar kelishuviga emas, balki ukrain xalqining erkin tanlovi va ishonchli xavfsizlik kafolatlariga tayanishi kerak.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid